Tashqi diplomatiya

O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.
Yaponiya. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Hay’ati qaroriga muvofiq, taniqli yapon qo‘shiqchisi va sozandasi Mashu Komazaki “O‘zbek madaniyati elchisi” etib tayinlandi.
Yurtimizning kun chiqar mamlakatdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida elchi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov tomonidan O‘zbekiston va Yaponiya davlatlari o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, yapon jamoatchilikni boy tarixiy-madaniy merosimiz bilan yaqindan tanishtirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun Mashu Komazaki xonimga “O‘zbek madaniyati elchisi” ko‘krak nishoni va sertifikati topshirildi.

Shuningdek, elchixona tashabbusi bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ko‘ngillilari ko‘magida poytaxt Tokiodagi “Konan” umumiy o‘rta-ta’lim maktabida “O‘zbekiston – dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalar yurti” mavzusida ochiq dars tashkil etildi.

AQSH Savdo palatasida elchimiz Furqat Siddiqov O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va biznes aloqalarini mustahkamlash masalasini muhokama qildi. Uchrashuvda konchilik, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma kabi muhim sohalardagi hamkorlik istiqboli, qo‘shma investitsiya va savdo loyihalari ko‘rib chiqildi.
Yangi imkoniyatlar yaratuvchi kelishuvga erishilgani, ya’ni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokara muvaffaqiyatli yakunlangani alohida ta’kidlandi. AQSH Savdo palatasi respublikamizga investitsiya miqdorini yanada ko‘paytirishga tayyorligi, joriy yil Toshkentga savdo missiyasi tashrifi rejalashtirganini bildirdi.

Fransiya. Mamlakatimizning Favqulodda va muxtor elchisi Nodir G‘aniyev Parij meri o‘rinbosari Arno Ngatcha bilan uchrashib, ikki mamlakat poytaxtlari hamkorligining keng istiqboli, shuningdek Parijdagi elchixonamiz tomonidan rejalashtirilgan qator madaniy, gastronomik va sport tadbirlarini muhokama qildi.

Buyuk Britaniya. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniyaning “Haven High Academy” davlat ta’lim muassasasi ijrochi direktori Ostin Sheppard bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida maktab rahbari yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.
Ostin Sheppard “Haven High Academy” hozirgi kunda O‘zbekiston tomoni bilan birga maktablararo almashinuv dasturi ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.
Tomonlar kelishuviga ko‘ra, bir hafta, o‘n kun yoki ikki haftalik dasturlar tashkil etiladi. Loyiha ta’lim jarayoni bilan birga qabul qiluvchi mamlakatning madaniy va tarixiy yodgorliklari bo‘ylab qisqa sayohatlarni ham qamrab oladi. Dastlabki bosqichda 5-15, keyingi davrda 20-30 nafar o‘quvchi ishtiroki nazarda tutilgan.
– Mazkur dastur bizning o‘quvchilar va ularga hamrohlik qiluvchilarni O‘zbekistonning boy tarixi va me’morchiligi bilan yaqindan tanishtiradi, – dedi Ostin Sheppard. – Shuningdek, o‘zbekistonlik o‘quvchilarga Buyuk Britaniyaning qiziqarli joylariga sayohat qilish imkonini taqdim etadi.
“Haven High Academy” davlatga qarashli ta’lim muassasasi bo‘lib, Angliyaning Linkolnshir grafligidagi Boston shaharchasida joylashgan. Majmuada ayni payt 1459 o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ularning aksariyati ingliz va rus tillarida mukammal so‘zlashadi.
Qatar. Elchimiz Ashraf Xodjayev Shayxa Moza bint Nosir asos solgan muassasa – “Hammasidan ustun ta’lim” jamg‘armasi yangi bosh direktori Muhammad Sa’d Al-Kubaisiy bilan uchrashib, o‘zaro sheriklik salohiyatini muhokama qildi. Muloqot davomida O‘zbekistonda ta’sirchan ijtimoiy loyihalarni ilgari surish uchun “Zamin” jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlikka umumiy sodiqlik yana bir bor tasdiqlandi.
Shuningdek, Qatarning 1978 yil tashkil etilgan ikkinchi eng yirik turizm agentligi – “Mannay Travel” Bosh menejeri Nosiruddin Shafiq bilan uchrashuvda elimizning boy turizm salohiyatini namoyish etish maqsadida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.
Diyorimiz betakror madaniyati, noyob tarixiy me’morchiligi bilan qatarlik sayyohlarni jalb qilayotgani e’tirof etildi.

O‘mon Sultonligi. Elchi Abdusalom Hotamov O‘monning turizm va infratuzilmani rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi investitsiya korxonalaridan biri – “Omran” bosh direktori Hoshil Ubayd Al-Mahrukiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu kompaniya O‘monga sayyohlar oqimini oshirish va noyob kurortlar, turar-joy majmualari barpo etish bilan shug‘ullanadi.
Muloqot davomida asosiy e’tibor ikki tomonlama aloqa o‘rnatish va hamkorlikni tizimli rivojlantirish imkoniyati tahliliga qaratildi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA