Ravon yo‘llar – taraqqiyot mezoni
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida umumiy foydalanishdagi 4 ming 177 kilometr avtomobil yo‘li bo‘lib, shundan 664 kilometrini xalqaro ahamiyatdagi, 964 kilometrini davlat ahamiyatidagi hamda 2 ming 549 kilometrini mahalliy ahamiyatdagi yo‘l tashkil etadi.
– O‘tgan yil mobaynida mazkur yo‘llarni ta’mirlash va obodonlashtirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Umrbek Matnazarov. – Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 30 dekabrdagi “2023 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Qo‘ng‘irot tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lida 240 kilometrli sement-beton qoplamali yangi yo‘l barpo etildi.

2024 yilda 353,7 milliard so‘m mablag‘ evaziga umum-foydalanishdagi 534,3 kilometr avtomobil yo‘li va 17 ta ko‘prik ta’mirlandi. Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida 9 ta ob’ektda 115,7 milliard so‘mlik qayta qurish ishlari bajarildi. Ushbu avtomobil yo‘llarining jami 34 kilometr qismi, A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 753 va 698 kilometr qismida vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlarini qurish va zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlanib ishga tushirildi. Joriy yil uchun Osiyo taraqqiyoti banki ishtirokidagi A-380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 673-698 kilometr (25 km) qismini sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish loyihasi va ushbu yo‘lning Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlarini bog‘lovchi 581-673 kilometr qismida qurilish ishlari boshlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 ta ko‘prik va 497,3 kilometr uzunlikdagi yo‘llarni respublika byudjeti hisobidan joriy ta’mirlash, kuz-qish mavsumida saqlash ishlarini bajarishga, yo‘l bo‘ylarini ko‘kalamzorlashtirish ishlariga 214,2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida va ko‘priklarda sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish maqsadida 2 ta ko‘prikda hamda may oyida ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lganligi sababli A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 665, 668 va 671 kilometr oralig‘idagi yo‘lning qatnov qismiga yetkazgan zararni bartaraf etildi va foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga xususiy sektorni jalb qilish yo‘lga qo‘yildi. Autsorsing shartnomalari asosida A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 648-668 kilometri umumiy 20 kilometrgacha bo‘lgan qismida pudratchi korxonalar tomonidan qurilish ishlari olib borildi. Bosh boshqarma tomonidan 2024 yilda byudjet mablag‘lari hisobidan umum-foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirildi. Xususan, yil davomida 3 ming 214 dona yo‘l belgilarini almashtirish va yangidan o‘rnatish hamda 1440 kilometr uzunlikda yotiq yo‘l chiziqlari chizildi. Shu bilan birga, Nukus shahridagi Davlat ahamiyatiga ega 4R176A “Nukus Temir yo‘l vokzaliga” avtomobil yo‘lida 2 dona transport svetofor qurilmasi rekonstruksiya qilindi, 3 ta piyodalar svetofori yangidan o‘rnatildi. Joriy yilda esa ushbu amalga oshirilgan ishlarni 2 barobarga oshirib, 4 ming 500 dan ziyod yo‘l belgisini yangidan o‘rnatish rejalashtirilgan. Og‘ir yuk tashuvchi transport vositalarini nazorat qilish maqsadida 5 ta hududda statsionar va mobil tarozi qurilib, ishga tushirildi.
Shu bilan birga, ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarining manzilli ro‘yxati shakllantirilib, o‘tgan yilda 1 ming 14,4 kilometr ichki yo‘llarda 235,8 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Xususan, “Tashabbusli byudjet” dasturining birinchi mavsumida 14 ta tumandagi 38 ta ob’ektda jami 69,7 kilometr avtomobil yo‘lining 44,5 kilometrini asfaltlash, 25,2 kilometriga shag‘al yotqizish va 4 kilometr piyodalar yo‘lakchasini ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu dasturning ikkinchi mavsumida 9 ta tumandagi 29 ta ob’ektda 46,5 kilometr avtomobil yo‘lining 35,9 kilometrini asfaltlash va 10,6 kilometriga shag‘al yotqizish ishlari olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 oktyabrdagi “Shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari infratuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki yo‘llari xatlovdan o‘tkazildi. Bugungi kunda jami 11 ming 605 kilometr yo‘l mavjudligi aniqlanib, shundan 109 kilometr sement-beton, 1 ming 755,6 kilometrini asfalt-beton, 4 ming 816,3 qum-shag‘al qoplamali hamda 4 ming 923,6 kilometri tuproq yo‘l tashkil qiladi. Shundan joriy yilda 1 ming 373 kilometr tuproq yo‘lga shag‘al yotqizish hamda 60,3 kilometr avtomobil yo‘lini asfaltlash rejalashtirilgan.
Ushbu amalga oshiriladigan ishlar natijasida hududda yo‘l infratuzilmasi yanada yaxshilanib, aholini qiynab kelayotgan muammolar ijobiy yechimini topadi. Chunki yo‘llar sozligi aholi roziligidan darak beruvchi muhim omildir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri