Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 350 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitiladi (+video)

Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida o‘ziga xos hunarmandchilik maktablari shakllanib, avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Ularning har biri necha ming yillik tarixga, o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga, atoqli namoyandalariga ega. Ana shunday bebaho tariximizni asrab-avaylash, uni rivojlantirish borasida “Hunarmand” uyushmasi tomonidan keng-ko‘lamli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Mazkur uyushma tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma’lumot berildi. 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va joriy yildagi rejalar haqida so‘z yuritildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda usta-hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar soni 9 barobarga ko‘payib, sohada band bo‘lganlar 230 ming nafarni tashkil etmoqda. Ularning aksariyati mashhur sulola davomchilari bo‘lib, qadimiy an’analarini zamonaviy uslublar bilan uyg‘unlashtirgan holda soha rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Amaliy san’at turlarini qayta tiklashga qaratilgan sa’y-harakatlar natijasida dastlab amalda bo‘lgan 25 ta hunar turlari soni 34 taga, bugunga kelib esa 43 taga ko‘paydi. Uyushma a’zolari va kam ta’minlangan hamda ishsiz, shuningdek, nogironligi bo‘lgan jami 19,4 ming nafar fuqaroga 18,3 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. 2024 yilda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixona va vakolatxonalari ko‘magida MDH, Yevropa va AQSH davlatlariga hunarmandchilikning kulolchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, gilamchilik va qo‘lda gazlama to‘qish yo‘nalishlari bo‘yicha jami 15.2 mln. AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi.
2025 yilda uyushma a’zolari sonini 29 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, usta-shogird an’analarini rivojlantirish orqali 50 ming nafar ish o‘rinlari yaratiladi. Uyushma a’zolari va kam ta’minlangan hamda ishsiz, shuningdek, nogironligi bo‘lgan jami 5 ming nafar fuqaroga 29,3 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi ko‘zda tutilgan. Respublikaning chekka hududlarida 28 ta qisqa muddatli bepul o‘quv kurslari tashkil etilib, ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan 350 nafar xotin-qiz usta-shogird an’anasi asosida hunarga o‘qitiladi. 2025 yilda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash dasturiga asosan “Hunarmand“ uyushmasi tomonidan respublika miqyosida 12 402 nafar hunarmandga 96 307 nafar xotin-qiz hunar o‘rganishi uchun biriktiriladi.
Har bir tuman (shahar)da bittadan “Hunarmandlar sanoat markazi“ tashkil etiladi va ularda xotin-qizlarni hunarmandchilikka o‘rgatish orqali bandligi ta’minlanadi.
Gulnoza Boboyeva, Doniyor Yoqubov(video), O‘zA