Aldanganlar ko‘paymoqda (+video)

Kiberjinoyatchilik
Firibgarlar fuqaroga telefon qilib, “Markaziy bankdanmiz”, deb o‘zini tanishtiradi. “Sizning nomingizga “falon” so‘m miqdordagi kredit rasmiylashtirilyapti, bu bizning tizimda ko‘rinib turibdi”, deydi. Shunda fuqaro shoshib qoladi. Moliyaviy bilimi bo‘lmagani uchun “rostdan ham nomimga kredit rasmiylashtiribdi”, deb o‘ylaydi-da, telefoniga qanaqa kod SMS bo‘lib kelsa, hammasini firibgarlarga aytib qo‘yadi. Hatto, o‘zi bilmagan holda telefonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruvni ham firibgarga berib qo‘ymoqda.
Kunlik yangiliklarni internet orqali kuzatar ekanmiz, shu singari firibgarlarning telefon qo‘ng‘iroqlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali jinoiy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Ana shunday firibgarlarga aldanib, moddiy mablag‘idan ayrilgan fuqarrolar tez-tez uchray boshladi.

– Kunlarning birida plastik kartamdagi pullar o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lib qoldi, – deydi urganchlik Fotima Jabborova(ism-sharifi o‘zgartirilgan). – Bankka bordim. Bank xodimlari karta tarixini tekshirishdi. Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan terminal orqali yechilganligi ma’lum bo‘ldi. Bir necha kunlik urinishlarga qaramay, pul mablag‘i qanday yechilganligini aniqlay olmadik. Mening gumonim o‘g‘limdan. Chunki, u mening mobil telefonimda internet orqali turli o‘yinlar o‘ynaydi. Ana shu o‘yinlardagi havolalar orqali mening plastik kartamga kirib, pul mablag‘larimni yechib olishgan bo‘lishi mumkin ekan. Ota-onalarga maslahatim: farzandlaringiz internet orqali ijtiomiy tarmoqlardan foydalanayotganini nazorat qiling.
Xorazm viloyat ichki ishlar boshqarmasi kiberxavfsizlik bo‘limi va tergov organlari tomonidan fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va kiberjinoyatlarni fosh qilishda samarali ishlar olib borilmoqda.
–Bugungi kunda ayrim kimsalar o‘zini bank yoki ichki ishlar xodimi deya tanishtirib, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlariga ega bo‘lib, plastik kartasidagi moddiy mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari uchramoqda, – deydi Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi xodimasi Farida Sultonova. – Ba’zi hollarda esa fuqarolarga internet messenjeri orqali turli xabar va “APK” fayllarni jo‘natib, mobil telefon boshqaruvini qo‘lga olish orqali jinoyatlarni amalga oshirishmoqda. “APK” fayl –bu Android va Android asosidagi boshqa bir qator operatsion tizimlar uchun arxivlangan bajariladigan dastur fayllari formati. Har bir Android ilovasi dasturning barcha kodlarini o‘z ichiga olgan bitta faylga paketlanadi. Mobil qurilmangizga ana shunday fayllar kelsa ularni aslo ocha ko‘rmang.
Bunday holatlarning ortishiga jinoyat qilayotgan insonlar bilan birga ishonuvchan bo‘lgan yurtdoshlarimizning beparvoligi ham sabab bo‘lmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video), O‘zA muxbirlari