Ishsiz va ish qidirayotgan aholini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi

191

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Faxriddin Hayitovning ma’lum qilishicha, 2025 yil 1 mayga qadar ishsiz va ish qidirayotgan aholini kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi joriy qilinadi.

Qayd etilishicha, o‘qish xarajatlari fuqaro tanlagan ta’lim muassasasiga vaucher asosida to‘lab beriladi. 2025 yil 1 fevraldan boshlab mazkur tizim Samarqand viloyati va Toshkent shahrida sinovdan o‘tkaziladi. Vaucher asosida davlat o‘quv markazlari bilan bir qatorda nodavlat o‘quv markazlarida ham o‘qish mumkin. Bunda, 35 turdagi – talab yuqori bo‘layotgan zamonaviy kasblar, xususan, elektromobillar hamda quyosh panellarini ta’mirlash, kompyuter texnologiyalari mutaxassisliklari o‘rgatiladi.

Bundan tashqari, nemis tilini o‘rganish istagidagi fuqarolar uchun ham vaucher beriladi. Kasb-hunar o‘rganish istagida bo‘lgan ishsiz va ish qidirayotgan yurtdoshlarimizning vaucher imtiyoziga ega bo‘lish uchun yosh chegarasi belgilanmagan, o‘qish muddati bo‘yicha ham cheklovlar qo‘yilmagan. O‘quv kurslari uchun to‘lov 100 foiz to‘lab beriladi. Ta’lim muassasalariga Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan to‘lovning dastlabki 50 foizi o‘qish boshlanganida, qolgan yarmi o‘quvchi sertifikat olganidan so‘ng to‘lab beriladi.

Xo‘sh, vaucherni olish uchun nima qilish lozim?

Buning uchun fuqaro tomonidan tuman yoki shahardagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qilinadi. Bir necha daqiqa ichida fuqaroning mobil telefoniga yuborilgan havola orqali QR-kodli vaucher yuklab olinadi. Ushbu vaucher kasb-hunar yoki xorijiy tilni o‘rganish istagidagi fuqaro tomonidan o‘zi istagan o‘quv markaziga taqdim qilinadi. Vaucher qaysi viloyatdan olingan bo‘lsa, o‘sha hududdagi o‘quv markazlari uchun amal qiladi.

quv markazlari vaucher tizimida o‘qitish uchun ecosys.mehnat.uz sayti orqali ariza topshirib quyidagilarni taqdim qilishi lozim. Bular, ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha litsenziya, o‘quv kurslarining yo‘nalishlari va umumiy joy o‘rinlari, o‘quv kurslarini olib boradigan o‘qituvchi, usta va murabbiylar malakasini tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi kerak. Dars jarayonlarini tashkil etish uchun sinfxonalar, mashg‘ulot xonalari va boshqa zarur ishlab chiqarish maydonlari hamda jihozlarning fotosuratlari, o‘quv xonalaridagi o‘quv jarayonini onlayn va oflayn rejimda monitoring qilish uchun internet tarmog‘iga ulanganligi, shuningdek, mavjud bo‘lsa, o‘quv markazi filiallari va ularning manzillari hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan berilgan sertifikatlar shular jumlasidandir.

Bugungi kunga qadar Toshkent shahri va Samarqand viloyatidan 63 ta davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari vaucher tizimi bo‘yicha o‘qitish yuzasidan murojaat qilib, ro‘yxatdan o‘tgan.

Sh.Mamaturopova, O‘zA