Qo‘l jangi sport turi yosh harbiylar orasida ommalashtiriladi (+video)

Prezidentimizning “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi qarori yurtimizda mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchi yoshlar soni ortishiga xizmat qilayotir. Bugungi kunda 30 mingdan ziyod professional, havaskor va yosh sportchilar ushbu sport bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Endilikda, mazkur sport seksiyalari tuman markazlari va chekka hududlarda ham o‘z ishini boshlaydi. O‘quvchilarni jalb etgan holda qo‘l jangi sport turi yanada rivojlantiriladi.
O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari Qo‘l jangi federatsiyasining yig‘ilishida mazkur masala muhokama markazida bo‘ldi.
Tadbir avvalida Federatsiya ma’muriy binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. 2024 yilda sportchilarimizning muntazam shug‘ullanishlari uchun munosib sharoit yaratish maqsadida qurib foydalanishga topshirilgan Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshidagi barcha imkoniyatlarga ega bo‘lgan Sport saroyida qad rostlagan mazkur bino endilikda O‘zbekiston hamda Osiyo Qo‘l jangi federatsiyasi rahbariyatining faoliyat olib borishi uchun mo‘ljallangan markaz sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlik uchrashuvlari, murabbiy va hakamlarning barcha yig‘inlari ushbu markazda tashkil etiladi. Foydalanishga topshirilgan Qo‘l jangi federatsiyasi binosining majlislar zalida ilk bor o‘tkazilgan yig‘ilish esa Federatsiyaning 2024 yil sarhisobi hamda 2025 yil uchun ustuvor vazifalariga bag‘ishlandi.
– Ushbu sport turiga Osiyo davlatlarida ham qiziqish ortib bormoqda, – deydi Toshkent shahar qo‘l jangi federatsiyasi ijrochi direktori Azizbek Rahmonov. – O‘tgan yili 30 ga yaqin Osiyo davlatlaridan vakillar ishtirok etgan anjumanda Osiyo Qo‘l jangi federatsiyasining tashkil etilgani buning yorqin misolidir.
Yig‘ilishda, federatsiya tomonidan yil davomida erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hududlar kesimida tanqidiy ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Tadbir so‘ngida bir guruh fidoyi rahbar va murabbiylar rag‘batlantirildi.
N.Rahmonova, O‘zA