“O‘zbekneftgaz” va Yaponiyaning MUFG banki hamkorlikni kengaytiradi

“O‘zbekneftgaz” AJ va Yaponiyaning “MUFG Bank Ltd” banki vakillari o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yangi loyihalarni moliyalashtirish va amaliy sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muloqot davomida “O‘zbekneftgaz” AJda amalga oshirilayotgan islohotlar, transformatsiya jarayonlari va iqtisodiy barqarorlik borasida erishilgan natijalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, kompaniyaning istiqbolli loyihalari, moliyaviy strategiyasi va ehtiyojlari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda bank tomonidan taklif etilayotgan moliyaviy mexanizmlar, kreditlash shartlari va investitsiyaviy imkoniyatlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun sindikatlashgan kredit tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, xalqaro banklar bilan hamkorlikda sindikatlashgan klub krediti yaratish taklifi ilgari surildi. Bu ekologik islohotlar va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, mehmonlarga yevrobondlarni chiqarish va moliyalashtirish bo‘yicha rejalar ham ma’lum qilindi. Bank vakillari bu jarayonda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aniq amaliy qadamlarni belgilab, hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA