Antonio Kosta: Daniyaning hududiy yaxlitligi YeI uchun muhim

Yevropa Kengashi prezidenti Antonio Kosta AQSH yetakchisi Donald Trampning Daniya Qirolligiga qarashli muxtor hudud – Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish haqidagi bayonotiga javoban, ko‘hna qit’a mamlakatini “to‘liq” qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Euronews” telekanali savollariga javob berarkan, YeK rahbari Daniyaning hududiy yaxlitligi YeI uchun “muhim masala” ekanini ta’kidladi.
– Biz milliy suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyilini muhofaza etishga tayyormiz, – dedi Kosta. – YeIga a’zo davlatning bir qismi taqdiri xavf ostida qolganda biz umumiy qarashimizni himoya qilishdan voz kechmasligimiz kerak.
Mulozim, Grenlandiya Qirollikning bir qismi, Daniya esa suveren davlatligini eslatib, mamlakat o‘z manfaatini belgilashi, YeI esa hamkorini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Kosta Trampning Yevropa davlatlari uchun boj oshirilishi mumkinligi haqidagi fikriga ham munosabat bildirdi:
– Bryussel AQSHning yangi ma’muriyati bilan “samarali muloqot” o‘rnatishi kutilyapti. AQSH o‘z manfaatini himoya qilayotganidek, YeI ham kompaniyalari, fuqarolari va umuman Ittifoqni himoya qilish uchun mas’ul. O‘zaro muloqot mo‘’tadil va xotirjam, xavotirsiz o‘tishi kerak. Tuzilma Qo‘shma Shtatlar bilan yaxshi munosabat saqlab qolinishini istaydi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA