Sanksiyaning Turkiyada AES qurilishiga ta’siri

– G‘arb sanksiyasi tufayli Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi tomonidan muhim energetika uskunalari yetkazib berilishi jarayonida sezilarli kechikish kuzatilmoqda, – deydi Rossiyaning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov “RIA Novosti” agentligiga bergan intervyusida. – Bu holat “Akkuyu” atom elektr stansiyasi qurilishi sur’atiga ta’sir ko‘rsatyapti.
2024 yil oktyabr oyida Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak “Siemens” ushbu AESning 1-energoblogini jihoz bilan ta’minlash bo‘yicha majburiyatini bajarmagani, shu masalada kompaniya bilan olib borilgan muzokaralar natija bermagandan keyin, zarur ehtiyot qismlar muqobil chora sifatida boshqa do‘st mamlakatlardan sotib olingani haqida xabar bergan.
1 noyabrda Turkiya energetika vaziri Alparslon Bayroqdor Germaniya Kansleri Olaf Sholsning Istanbulga tashrifi chog‘ida Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga “Siemens” kompaniyasi “Akkuyu” majmuasi uchun kechiktirilgan mahsulotlar yetkazib berilishini va’da qilgani, ammo bu uskunalar endi kerak emasligini ta’kidladi.
Turkiyada shu vaqtgacha AES yo‘q edi. Mazkur ob’ekt ushbu qardosh davlat Rossiya bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan eng yirik loyiha hisoblanadi. 1200 MVt quvvatga ega, ilg‘or VVER-1200 reaktorlari bilan ishlaydigan to‘rtta energoblokning barchasi ishga tushirilgach, har bir stansiya yiliga 35 milliard kVt/soat quvvat ishlab chiqara boshlaydi. Shu tariqa mamlakatdagi elektr energiyasiga ehtiyojning 10 foizigacha qoplanishi ko‘zda tutilgan.
– Ayni dam inshootning 1-energoblogini to‘liq hajmda ishga tushirish bo‘yicha ish qizg‘in, – degandi “Rosatom” Bosh direktori Aleksey Lixachyov avvalroq. – Birinchi blok turbinasini o‘rnatish o‘tgan yil oxirida muvaffaqiyatli yakunlangan.
S.Rahimov, O‘zA