AQSH Xitoyga chip sotish uchun yangi cheklov qo‘llashi mumkin

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Xitoyga chip sotishga qo‘shimcha cheklov joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi “Blumberg”.
– Tramp ma’muriyati rasmiylari “Nvidia Corp.” kompaniyasi Xitoyda chip sotishiga qo‘shimcha cheklov kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda, – deyilgan nashr e’lon qilgan xabarda. Taqiq H20 rusumiga ta’sir qiladi.
Avvalroq AQSH Savdo vazirligi milliy xavfsizlikni himoya qilish, mazkur texnologiyadan do‘st bo‘lmagan mamlakatlar foydalanishining oldini olish maqsadida Qo‘shma Shtatlar ilg‘or AI chiplari va modellari eksportiga yangi taqiq qo‘llanayotgani to‘g‘risida hujjat e’lon qilgan edi.
Ta’kidlanishicha, cheklov raqib davlatlar qurol yaratishi, kiber hujum uyushtirishi yoki ommaviy kuzatuv uchun AI texnologiyasini qo‘llashining oldini olishga qaratilgan. Binobarin, departament Vashingtonning ishonchli hamkorlari va ittifoqchilari uchun bunday vositalardan foydalanish imkoniyati saqlanib qolishiga ishontirgan.
Xabarda aytilishicha, Xitoy ushbu qarorni tanqidiy qabul qilgan.