Endi mahalliy dori vositalari raqobatbardosh bo‘la oladimi? (+video)

Bemorni davolashda eng avvalo to‘g‘ri tibbiy tashhis muhim bo‘lsa, uning sog‘ayib ketishida albatta sifatli dori-darmonlarning alohida o‘rni bor. Dori vositalari nafaqat barcha talablarga javob berishi, balki aholi uchun mavjud va hamyonbop bo‘lishi kerak.
Bugun farmatsevtika tarmog‘ida raqobat har qachongidanda kuchli va ana shu raqobat muhitida o‘z xo‘jaligini zamon talablariga moslab bilgan, doimiy izlanishda bo‘lgan korxonalar faoliyatini davom ettira oladi. Shu bilan birga narxlarning bozorimizga mos kelishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Xullas, dori-darmonlarning narxlari shu paytgacha davlat nazoratida edi va bu omil mahalliy farmsanoatni qo‘llab-quvvatlab turgan, ammo rivojlanishiga hissa qo‘shmagan. Bugun ana shu nazorat olib tashlanmoqda. Erkin bozor mexanizmlari sharoitida bu yaxshimi yoki yomon albatta buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin shunisi muhimki endilikda kuchli raqobat maydonida samarali ishni tashkil qilgan korxonalar qoladi.
Gap shundaki shu yilning 28 yanvar kuni soha rivojiga qaratilgan muhim farmon qabul qilindi. “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni bilan sohani yanada rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu huquqiy hujjatda ko‘rsatib o‘tilgan muhim va ustuvor yo‘nalishlar, vazifalar xususida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i Hakimjon Sodiqov bilan suhbatlashdik.
– Aytingchi ushbu farmon avval shu yo‘nalishda qabul qilingan huquqiy hujjatlardan nimasi bilan farq qiladi?
– Bu farmonga bizni ehtiyojimiz bor edi. Chunki, qonunchiligimizda jahonning yangi standartlariga joriy qilishdagi talablar darajasiga chiqishimiz uchun kerak. Bu huquqiy va normativ hujjatlarni yangi bosqichga olib chiqadigan farmon hisoblanadi. Bundan tashqari bu farmonda jahon talabiga javob beradigan samarali, xavfsiz, arzon bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishimiz uchun tadbirkorlik sub’ektlari uchun kerak bo‘ladigan jarayonni yengillashtirish, qulayliklar va ularni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi loyihalarni ham o‘z ichiga olgan. (davomi videoda)
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA