Sayyor qabulda muammolarga yechim topildi

217

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida joylashgan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda ommaviy sayyor qabul va bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasida yurt himoyachilari, ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasi masalalariga doir muammolarga yechim topildi.

Sayyor qabul davomida Nukus harbiy prokurori A.Matyakubov tomonidan ochiq muloqot o‘tkazilib, harbiylar va ularning oila a’zolariga yaratilgan sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilari va ularning oilalari qatnashdi.

Ta’kidlash joiz, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda yaratilgan “Xalq bilan muloqot” xalqchil tizim ko‘plab yurtdoshlarimizni yillar davomida qiynab kelgan muammolar, yechimi topilmayotgan masalalar hal bo‘lib, xalq davlat uchun emas, balki davlat xizmatchilari xalqqa xizmat qilishi kerak degan ezgu g‘oya ro‘yobga chiqmoqda.

Qabulda harbiy xizmatchilar oila a’zolarini ishga joylashishi hamda farzandlarining ta’lim muassasalariga kirishi, imtiyozli ipoteka krediti asosida ajratiladigan uy-joylarni xarid qilish, soliq to‘lovlarini to‘lashdagi imtiyozlar va boshqa masalalarda jami 35 ta murojaat o‘rganildi. Shundan 14 tasi shu joyning o‘zida qanoatlantirilgan bo‘lsa, 12 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.

Mehnat yarmarkasida bandlikka ko‘maklashish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi, Xalq banki, Soliq qo‘mitasi hududiy bo‘linmasi, Maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda boshqa bir qator mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri