Hududlarni obodonlashtirish vazifalar belgilandi
Ayni kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida shahar va tumanlarni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar joylarda muhokama qilinmoqda.
Amudaryo tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirda respublika, shahar va tumanlar sektor rahbarlari, vazirlik va idoralar, hududiy boshqarma, tashkilot hamda muassasalar mutasaddilari ishtirok etdi.
Majlisda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi kayfiyatiga ta’sir etayotgan mahallalardagi infratuzilma bilan bog‘liq, ijtimoiy va boshqa muammolarga yechim topish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish kabi qator dolzarb masalalar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilda Prezidentimizning alohida e’tibori bilan Amudaryo tumanidagi 86 ta ijtimoiy va infratuzilma ob’ektida qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish uchun davlat va boshqa dasturlar asosida jami 537,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Buning uchun har bir rahbar o‘ziga yuklatilgan vazifaga mas’uliyat bilan yondashishi kerakligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, ko‘p yillar davomida aholini qiynab kelgan muammoli masalalarni joyida ijobiy hal etish, og‘ir ahvoldagi mahallalarni obod qilish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy ishlar belgilab olindi.
Joriy yilda tumandagi yoz oylarida chang-to‘zon, qor, yomg‘irli kunlarda loy bo‘lib, aholini qiynab kelgan jami 107 kilometr tuproq yo‘lga qum-shag‘al aralashmasi yotqizish rejalashtirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi miqyosidagi rahbarlar ishtirokida tumanning Toshqal’a mahallasida boshlangan obodonlashtirish ishlariga maxsus texnikalar, ishchi-xodimlar jalb qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA