Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori A.Rahmatov va Turizm qo‘mitasi raisi U.Shadiyev ishtirokida Gruziyaning “Reformatics” konsalting kompaniyasi direktori N.Gilauri bilan O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Tomonlar 2040 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning samarali va uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish istiqbollarini muhokama qildi.

Ushbu strategiya turizm sohasining barcha tarkibiy qismlarini yaxlit tarzda rivojlantirishni ta’minlaydi va xorijiy sayyohlarni jalb qilish, turistik xizmatlarni eksport qilish, shuningdek, infratuzilma va turistik kontentni rivojlantirish kabi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, strategiyani ishlab chiqish jarayonida axborot va yashil texnologiyalarni joriy etishga, shuningdek, rivojlangan turizm bozorlariga ega mamlakatlarning eng yaxshi tajribalarini o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Uchrashuv yakunida 2040 yilgacha O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish strategiyasini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolandi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA