Yaponiyada yer yuk mashinasini “yutib yubordi”
Kun chiqar yurt poytaxti Tokio yaqinidagi Yashio shahri ko‘chalaridan birida katta o‘ra paydo bo‘ldi. Seshanba kuni baxtsiz hodisa yuz berib, bir yuk mashinasi chuqurga tushib ketdi. Yon-atrofdagi yo‘llar ham yemirilishi qutqaruv ishlariga to‘sqinlik qildi. Rasmiylar shu hududdagi 200 xonadonni ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Voqea haqida BBC xabar tarqatdi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozishicha, jabrlanuvchi-haydovchi 74 yoshda. So‘nggi soatlarda u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmayapti.
Kengligi taxminan 10, chuqurligi 5 metr keladigan yoriq yo‘l kesishmasida paydo bo‘lgan. Favqulodda holatga yer osti oqova quvuri yorilishi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Yanayam chuqurroqda gaz quvuri bor. Demak, yonilg‘i sizib chiqishi ehtimolidan xavotir ham yo‘q emas.
Yaponiya shaharlarida yo‘l yorilib, o‘ra hosil bo‘lishi tez-tez kuzatiladi, chunki yer osti quvurlari infratuzilmasi eskirgan.