Yangi ma’rifat o‘chog‘i tashkil qilinadi

126

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Rishton an’anaviy kulolchiligi tarixi muzeyi faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, Farg‘ona viloyati Rishton tumanining “M.Topivoldiyev” MFY To‘qimachi ko‘chasidagi 20a-uyda joylashgan, Savdo-sanoat palatasiga tegishli bo‘lgan binoda Rishton an’anaviy kulolchiligi tarixi nodavlat muzeyi tashkil etiladi.

Muzeyning asosiy vazifalari:

muzey ashyolari va kolleksiyalarini aniqlash, to‘plash va saqlash;

madaniy, ma’rifiy, ilmiy va ta’lim faoliyatini amalga oshirish;

yoshlarni “ustoz-shogird” ananalari asosida kulolchilik hunariga o‘rgatish;

kulolchilikning boy madaniy merosi, insoniyat tarixidagi rolini haqqoniy yoritish; ekspozitsiyalarni tashkil etishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish;

chet el muzeylari bilan ko‘rgazmalar tashkil etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishdan iborat bo‘ladi.

Rishton an’anaviy kulolchiligi tarixi muzeyini tashkil etish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi tasdiqlandi.

Quyidagilar ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilandi:

muzey konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash;

muzey faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va kolleksiyalarining but saqlanishini ta’minlash hamda tekshirib borish;

muzeyning aholi va sayyohlarga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish;

muzeyda madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot, ilmiy-tadqiqot ishlari saviyasini oshirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun homiylar mablag‘larini jalb etish;

xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda, doimiy ravishda muzey faoliyatini takomillashtirib borish;

muzeyni zamonaviy interfaol axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlash;

muzeyni malakali kadrlar bilan to‘ldirish.

O‘zA