Toshkentda “Study UK Alumni Awards 2025” g‘oliblari taqdirlandi

225

Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasida “Study UK Alumni Awards 2025” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur elchixona va Britaniya Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda hukumat vakillari, ta’lim sohasi mutaxassislari, tadbirkorlar, ta’lim dasturlari bitiruvchilari, “Alumni Awards” g‘oliblari va 2025 yilgi tanlov qatnashchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart hamda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori Deniz Voddingxem ta’lim sohasidagi hamkorlik yaxshi samara berayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Buyuk Britaniyada ta’lim olgan o‘zbekistonlik bitiruvchilarning biznes sohasidagi professionalligi, tadbirkorlikdagi yutuqlari, innovatsion ijodkorligi va jamiyat yetakchiligidagi muvaffaqiyatlari ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Aytish joizki, “Study UK Alumni Awards” dasturi butun dunyo bo‘ylab Britaniya universitetlari bitiruvchilarining yuksak yutuqlarini e’tirof etadi. Ushbu mukofot so‘nggi o‘n bir yil mobaynida mazkur mamlakat oliygohlarini tamomlab, o‘z bilim va ko‘nikmalarini jamiyat taraqqiyoti hamda mamlakatning turli sohalarini rivojlantirishga samarali tatbiq etgan yetakchilarga taqdim etib kelinmoqda.

Joriy yilda nomzodlar tanlovning “Biznes va innovatsiyalar”, “Madaniyat va ijodkorlik”, “Ilm-fan va barqarorlik” hamda “Ijtimoiy tashabbus” nominatsiyalari bo‘yicha o‘z salohiyatini sinab ko‘rdi.

Mustaqil hakamlar hay’ati tanlovning ushbu to‘rt nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarni saraladi.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart ta’kidlaganidek, bilimga chanqoq mutaxassislarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash amaliy natija beradi.

– Elchisi sifatida insonlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. G‘oliblar ikki davlat va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik qanday yuksak natijalarga olib kelishi mumkinligini yaqqol namoyon etmoqda. Ishonchim komil, ularning muvaffaqiyati mamlakatingiz taraqqiyoti va barqarorligiga ulkan hissa qo‘shadi, – dedi elchi.

Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi direktori Deniz Voddingxem o‘zbekistonlik mutaxassislarning o‘z bilim va tajribasini amaliyotda keng qo‘llayotgani quvonchli ekanini ta’kidladi:

– O‘zbekistonda qobiliyatli va iqtidorli yoshlar juda ko‘p. Hozirda 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik talaba Buyuk Britaniya ta’lim dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda. Britaniya ular uchun chet elda o‘qishda eng maqbul tanlovlardan biriga aylanib bormoqda. Biz o‘z faoliyatimiz orqali ularni ta’lim va kasbiy rivojlanish yo‘lida qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz, – dedi Deniz Voddingxem.

Marosim yakunida “Study UK Alumni Awards 2025” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA