“E-KON” loyihasi xalqaro tanlovda “Yilning eng yaxshi loyihasi” deb topildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan amalga oshirilgan “E-KON” loyihasi “Global CIO” xalqaro professional IT hamjamiyati tomonidan yoqilg‘i-energetika sohasidagi “Yilning eng yaxshi loyihasi” deb e’lon qilindi.
Mazkur mukofot O‘zbekistonning raqamli transformatsiya sohasida erishgan yutuqlaridan biri sifatida qayd etilib, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamladi.

“E-KON” loyihasi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlardan biri hisoblanadi. Ushbu tashabbus “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi konlarni raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirishga qaratilgan.

Loyiha doirasida 80 dan ortiq gazni tayyorlash qurilmasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu esa konlarda qazib olinayotgan gazni real vaqt rejimida onlayn nazorat qilish hamda zarurat tug‘ilganda favqulodda choralar ko‘rish imkonini yaratdi.
“Global CIO” xalqaro tanlovi dunyoning eng ilg‘or IT loyihalarini aniqlash va ularni keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida har yili o‘tkaziladi. 2024 yilda tanlovga 30 dan ortiq davlatdan 129 ta loyiha taqdim etilgan. G‘oliblar orasida O‘zbekiston, Xitoy, Braziliya, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Belarus, Malayziya, Turkiya va AQSH kompaniyalari ham bor.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ axborot-kommunikatsiya texnologiyalari departamenti boshlig‘i In’om Norqulov “Global CIO” xalqaro professional IT hamjamiyati tomonidan dunyoning eng faol IT-liderlari qatoriga kiritildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA