Yadro energetikasida yangi davr boshlanadimi?

194

Xalqaro energetika agentligi (XEA) tomonidan “Yadro energetikasining yangi davri sari” nomli hisobot taqdim etildi. Unda atom energetikasining jahondagi ahamiyati, rivojlanish istiqbollari va duch kelayotgan muammolar haqida batafsil ma’lumot berilgan.

XEA ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilga kelib atom reaktorlari orqali elektr energiya ishlab chiqarish rekord darajaga yetishi kutilmoqda.

XEA ijrochi direktori Fatix Birol bu haqda shunday deydi: “Bugun ayonki, bir necha yil oldin XEA bashorat qilgan yadroviy energetikaning qayta jonlanishi allaqachon boshlandi. 2025 yilga kelib atom reaktorlarida elektr energiya ishlab chiqarish rekord darajaga chiqadi”.

Hozirgi kunda dunyoda 70 GVtdan ziyod yangi atom generatsiyasi qurilayotgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich oxirgi 30 yilda kuzatilgan eng yuqori daraja hisoblanadi. Shu bilan birga, 40 dan ortiq mamlakat o‘z energiya tizimlarida yadro energetikasining ulushini oshirishni rejalashtirmoqda. Atom energetikasi kam uglerodli energiya manbai sifatida gidroenergetikadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. U dunyo elektr energiya ishlab chiqarishining 10 foizini tashkil etib, global iqlim maqsadlariga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hisobotga ko‘ra, atom energetikasining global xaritasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Qurilayotgan AESlarning asosiy qismi Xitoyda joylashgan bo‘lib, 2030 yilga kelib mamlakat bu sohada AQSH va Yevropani ortda qoldirishi mumkin. Ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, 2017 yildan buyon 52 ta yangi reaktor qurilishi boshlangan. Shulardan 25 tasi Xitoy, 23 tasi Rossiya loyihalaridir. O‘zbekiston ham o‘z yadro dasturini rivojlantirish bo‘yicha faol qadamlar tashlamoqda. Mamlakatda kichik modulli reaktorlar (KMR) qurilishi haqida qaror qabul qilingani hisobotda alohida ta’kidlangan.

Kanada, Xitoy, Chexiya, Finlyandiya, Fransiya, Koreya, Niderlandiya, Ruminiya, Rossiya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Buyuk Britaniya va AQSH davlatlari ham kichik modulli reaktorlar qurish rejalarini ma’lum qilgan. Kichik modulli reaktorlar qurilish muddati qisqaligi, xarajatlari kamligi va ixchamligi tufayli sohada katta istiqbollarga ega. Taxminlarga ko‘ra, qulay sharoitlar yaratilgan taqdirda 2040 yilga kelib dunyodagi atom generatsiyasining 10 foizi KMR hissasiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Hisobotda ta’kidlanishicha, atom energetikasi rivojlanishi uchun 2030 yilgacha sohadagi investitsiya hajmini ikki barobar oshirish talab etiladi. Shunda atom energetikasiga yo‘naltiriladigan investitsiyalar yiliga 120 milliard dollarga yetishi taxmin qilinmoqda. Bu yo‘nalishda davlat qo‘llovi va strategik reja hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA