Deputat Xo‘jayli tumanida aholi muammolarini o‘rgandi

FOTOREPORTAJ
O‘zLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari hududlarga chiqib, aholi bilan muloqotlar o‘tkazish orqali ularning muammo va takliflarini o‘rganmoqda. Bu jarayonda bildirilgan takliflar yuzasidan deputatlik nazoratini o‘rnatish, muammolarni manzilli hal etish masalalari ham keng muhokama qilinmoqda.
Shunday tashabbus doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Guljan Xolmuratova Xo‘jayli tumanidagi Tinchlik mahallasida bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Tadbirda yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, qonunchilikdagi yangiliklar, qabul qilinayotgan qonunlar, qaror va farmonlarning mazmun-mohiyati bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tildi.
Deputat shuningdek, aholini qiynab kelayotgan muammolar va yechim talab qilinayotgan masalalarni hal qilish maqsadida tumandagi 6-maktab binosida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabul davomida aholi tomonidan 15 ga yaqin murojaatlar bildirildi. Murojaatlarning aksariyati bandlik, transport va yo‘l qurilishi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash, ishsizlik, uy-joy masalasi, ijtimoiy soha ob’ektlarini ta’mirlash va qurish kabi masalalarni tashkil etdi.
Muloqot chog‘ida ko‘tarilgan aksariyat masalalarga qonun doirasida tavsiya va maslahatlar berilgan bo‘lsa, yechimi vaqt talab qiladigan murojaatlar deputat tomonidan nazoratga olindi va ijobiy hal etilishiga kelishib olindi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA