Hunarmandning murojaati amalga oshadimi?

182

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani Berdaq ovuli fuqarolar yig‘inida yashovchi hunarmand Mivash Torenazarova qoraqalpoq xalqining milliy o‘tovi – qora uylar uchun maxsus bezaklar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Hunarmand o‘z uyida 10 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Shu kungacha 35 nafar  shogird tayyorlagan. Ammo, ularning hammasi bilan birgalikda buyurtmalarni bajarish uchun uyda imkoniyat yo‘q.

Faoliyatini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha imorat zarur. Hunarmandning istaklari amalga oshsa, “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirib, o‘z hunarini ko‘plab yoshlarga o‘rgatib, yangi ish o‘rinlarini yaratish niyatida.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Djumamuratov  saylovchilar bilan uchrashuvlar doirasida Mivash Torenazarova xonadonida bo‘lib, ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Hunarmandning murojaati deputat tomonidan tegishli tartibda o‘rganilib, Chimboy tumani hokimligiga taklif kiritildi va ijrosi nazoratga olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri