Toshkentda Hindiston mustaqilligi kuni nishonlandi

261

Toshkentda Hindiston Respublikasi mustaqilligining 76 yilligi munosabati bilan tantanali bayram uyushtirildi.

Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari, elchilar, ishbilarmon doira vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Ushbu davlat Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant ta’kidlaganidek, bu yil Hindiston mustaqil va demokratik respublikaga aylanganiga 76 yil to‘ldi. 1950 yil 26 yanvarda kuchga kirgan Konstitutsiya inklyuziv va demokratik mamlakat poydevorini qo‘yib, o‘sish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot uchun mustahkam asos bo‘ldi.

Elchi Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ildizi chuqur, tarixiy sivilizatsiya munosabatlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz do‘stligi uchun mustahkam zamin yaratayotgani, ko‘p qirrali aloqalar jadal rivojlanayotganiga urg‘u berdi.

– O‘zbekistonda 7 oydan buyon faoliyat olib boryapman, – deydi Smita Pant xonim. – Aytishim joiz, bu yutrga moslashish o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, samimiyligi va mehribonligi tufayli oson kechdi.

Eng muhimi, o‘zaro hamkorligimiz turli yo‘nalishlarda izchil rivojlanyapti. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, mudofaa va turizm yo‘nalishlarini qamrab olgan strategik sheriklik ikki davlat, ikki xalq o‘rtasidagi qadimiy aloqalarni yanada mustahkamlamoqda. 2024 yil davomida o‘zaro savdo hajmi oshib, qo‘shma tashabbuslar ko‘payishi, madaniy hamkorlik yangi bosqichga chiqqani hamjihatlikning yuqori darajasidan dalolat.

Qayd etilganidek, elchixona biznes delegatsiyalar almashinuvini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, o‘tgan yil respublikamiz vakillari Hind diyorida to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, po‘lat, elektronika, hunarmandlik kabi turli sohalar bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. Hindistonliklar ham Toshkentda turizm, neft va gaz, energetika, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tibbiy asbob-uskuna, ommaviy axborot vositalari hamda konchilik yo‘nalishlaridagi ko‘plab anjumanlarda qatnashdi. Bunday sa’y-harakatlar tomonlar barcha ishlarni yakdillikda tashkil qilayotgani natijasidir.

– Hindistonda 10 yil yashaganman, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori Najmiddin Nizomiddinov. – Tarjimonlik bilan bog‘liq asosiy faoliyatimdan tashqari ilm bilan ham shug‘ullanib, o‘zbek va hind ellari tarixiga daxldor qimmatli manbalar ham yig‘dim. O‘sha ma’lumotlar asosida filologiya va dinshunoslik tarixi fanlari bo‘yicha ikkita alohida doktorlik ishini yoqladim. Taniqli hind aktyori Raj Kapur va uning sulolasi vakillariga tarjimonlik qilganim ham hayotimdagi eng unutilmas damlar sifatida yodimda qolgan. Umuman, bu ikki xalqning mushtarak jihatlari bisyor. Ayni fazilatlar dunyoqarash, urf-odat, muomala madaniyati, go‘zallikka intilish singari eng muhim insoniy xislatlarda yorqin namoyon bo‘ladi.

Bayram dasturidan o‘rin olgan o‘zbek va hind tillaridagi kuy-qo‘shiqlar, odatdagidek, ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA