Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lida

179

“Mikrokreditbank” ATB tomonidan dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan 81 ta konturdagi 887 gektar yer maydonlarida “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida namunali loyihalarni amalga oshirish uchun 81 ta agregatorlar tanlab olindi.

Ushbu agregatorlar tomonidan joriy yilda ushbu maydonlarda birinchi ekinda “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida poliz va meva-sabzovot ekinlari ekiladi. Buning uchun agregatorlarga tijorat banklari tomonidan 2,7 milliard so‘m imtiyozli kreditlar ajratiladi. Ushbu agregatorlarga 2 ming 621 nafar kishi kooperatsiya a’zosi sifatida biriktirilishi belgilangan.

Kooperativ a’zolari tomonidan yuqori daromadli va eksportbop (qishki qovun-tarvuz, gulkaram, qizil lavlagi, loviya va sabzi-sholg‘im) mahsulotlari ekiladi.

Misol uchun, Samarqand viloyati Narpay tumani Nuxay mahalladagi 24-konturda 35 nafar yoshga 40 sotixdan ajratilgan 14 gektar yer maydonada Agregator “Diyorjon Davronjon servis” oilaviy korxonasi boshchiligida birinchi ekinga bahorgi sabzi mahsuloti ekiladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kooperativ a’zosi o‘rtacha 55 million so‘mdan daromad olishi reja qilinmoqda.

Shuningdek, Prezidentimiz rahbarligida 2024 yil 16 dekabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Super loyiha” doirasida “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjirini yaratish va respublika hududida qo‘shimcha 7 ta shunga o‘xshagan namunaviy loyihalarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Buning ijrosi sifatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani Tazg‘ara mahallasida yoshlarga ijaraga berilgan 20 gektar yer maydonida birinchi ekinga pomidor, keyin ko‘kat yetishtirish taklifi berilgan bo‘lib, ayni paytda ushbu loyihani dastlabki xarajatlar uchun bank tomonidan moliyalashtirish ishlari boshlab yuborildi.

Bank tomonidan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholini arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash yo‘lidagi ishlar izchil davom ettiriladi.

Bank axborot xizmati

Reklama huquqi asosida