Yosh futbolchilarimiz saudiyalik tengdoshlarini mag‘lub etdi

251

Avval xabar berganimizdek, futbol bo‘yicha O‘zbekiston U17 va U16 terma jamoalari ayni kunlarda Saudiya Arabistonida navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda.

Har ikki yosh toifasidagi terma jamoamiz  “Qirol Abdulloh sport markazi” mashg‘ulotlar maydonida Saudiya Arabistoni termasiga qarshi ikkinchi nazorat o‘yinini o‘tkazdi. Dastlab, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni U17 yosh toifasidagi terma jamoalar bahsi o‘tkazildi. Unda 1:1 hisobi qayd etildi.

16 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar uchrashuvida Bilol Qurbonovning yagona goli evaziga O‘zbekiston termasi g‘alaba qozondi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu ikki yosh toifasidagi terma jamoalarning ilk bahsida futbolchilarimizning qo‘li baland kelgan edi. Aniqrog‘i, O‘zbekiston U17 terma jamoamiz mezbonlarni 1:0 hisobida yenggan bo‘lsa, U16 yosh toifasidagi o‘yin 2:0 hisobida vakillarimiz foydasiga yakunlangan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA