Dunyo xabarlari qisqa satrlarda

–
Ahmad Al-Shara’: Suriya terrorchilar Turkiyaga tahdid qilishiga
yo‘l qo‘ymaydi

Suriya yangi ma’muriyati rahbari Ahmad Al-Shara’ (Jo‘loniy) t’kidlashicha, Turkiyaga tahdid solayotgan qurolli guruhlar, jumladan kurdlar harbiy-siyosiy tashkiloti mamlakat hududida bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, “barcha xorijiy terrorchilar Suriyani tark etishi kerak”. Al-Juloniy qo‘shimcha qilishicha, kurdlar boshqa guruhlardan farqli o‘laroq, qurollarini tashlashdan bosh tortgan va Mudofaa vazirligiga bo‘ysunmagan.
Tramp tashqi yordamni muzlatish qaroridan chekindi
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati “hayotiy insonparvarlik yordami”ni istisno qilib, boshqa davlatlarga yordam dasturlarini to‘xtatib turish haqidagi buyruqdan “qisman orqaga chekindi”, deb yozdi “New York Times” AQSH Davlat kotibi Rubio Markoning xizmat yozishmasiga tayanib.
Avvalroq Oq uy mamlakat yetakchisi dasturlarning AQSH tashqi siyosatiga muvofiqligini baholash uchun boshqa mamlakatlarga rivojlanish ko‘magini 90 kunga to‘xtatib turish haqidagi buyruqni imzolaganini ma’lum qilgandi.
Qayd etilishicha, hujjatda bunday yordam hayotni saqlab qolish uchun zarur dori-darmon, tibbiy xizmat, oziq-ovqat, boshpana va asosiy turmush darajasiga erishishga yordam berishdan iboratligi belgilangan.
Hindistondagi festivalda kamida 15 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning Prayagraj shahrida Kumb Mela festivali vaqtida tiqilinch yuzaga kelib, kamida 15 kishi hayotdan ko‘z yumdi, deb xabar tarqatdi “Franc Press” agentligi ismini aytmagan shifokorga tayanib.
– Hozirgacha 15 kishi halok bo‘ldi, qolganlarga yordam ko‘rsatilyapti, – degan tibbiy xizmat xodimi.
Qurbonlarning umumiy soni haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q. Mahalliy
“Hindu” gazetasi yozishicha, fojia ziyorat qilayotgan olomon daryoda cho‘milish marosimini o‘tkazayotgan vaqtda yuz bergan.
Grenlandiya aholisi AQSHga qo‘shilishga qarshi

Grenlandiyaliklarning 85 foizi AQSHga qo‘shilishga qarshiligini tasdiqladi. “Verian” ijtimoiy so‘rov markazi Daniyada chiqadigan “Berlingske” va orolning o‘zida chop etiladigan “Sermitsiaq” gazetasi orqali o‘tkazgan so‘rov natijasi shunday xulosa bergan. Респондентларniнг atigi 6 foizi Amerikaga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlagan, 9 foizi esa javobda ikkilangan.
So‘rov 22-26 yanvar kunlari 18 yoshdan oshgan 497 kishi bilan onlayn suhbat asosida o‘tkazilgan.
Armaniston Belarus bilan diplomatik munosabatni uzadimi?

Mahalliy “Xraparak” gazetasirasmiy manbalarga tayanib yozishicha, Armaniston Belarus bilan diplomatik munosabatni uzish haqida o‘ylayapti. Bunga tomonlarning keskin bayonotlari, xususan Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Bosh vazir Nikol Pashinyan “Armanistonni yo‘q qiladi” degan so‘zlaridan keyin Yerevan va Minsk munosabati yomonlashgani sabab bo‘lgan.
Gazeta Pashinyanning Putin bilan telefon orqali so‘nggi muloqoti juda keskin kechganini ta’kidlagan. Ya’ni, garchi Bosh vazir Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish Rossiya bilan munosabatdan voz kechishni anglatmaydi, deya o‘zini oqlashga uringan bo‘lsa-da, Putin suhbatdoshiga o‘ta quruq ohangda “bu Armaniston uchun yaxshi qadam emasligi”ni bildirgan.
Rubio YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyasini olqishladi

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Kaja Kallas bilan suhbat chog‘ida Bryussel Rossiyaga qarshi sanksiyani uzaytirishini ma’qullagan.
– Kotib Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan sanksiyani uzaytirish qarorini olqishlaydi, – deyilgan Davlat departamenti bayonotida. – Tomonlar muzokara chog‘ida umumiy ustuvorlik bo‘yicha AQSH va YeI hamkorligini chuqurlashtirish yo‘llarini muhokama qildi.
Rubio, shuningdek, Kallasni Yevropa mudofaa xarajatini oshirishga chaqirib, transatlantik xavfsizlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidlagan. Bu bilan Xitoydan kelayotgan tahdidga ishora qilgan.
AQSH Parij kelishuvini tark etyapti

BMTga AQSHdan Vashington 2026 yil 27 yanvarda Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi to‘g‘risida maktub keldi, dedi jahon tashkiloti Bosh kotibi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Farhon Haq “RIA Novosti” agentligiga.
– Amerika Qo‘shma Shtatlaridan xat olganimizni tasdiqlayman, – dedi Haq Vashingtondan tegishli bildirishnoma kelgani haqidagi so‘rovga javoban.
Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha kelishuv 2015 yil 12 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi 21-konferensiyasi yakuni bo‘yicha qabul qilingan. Hujjatni 175 davlat, jumladan AQSH, Xitoy va Rossiya ham imzolagan. Amerika hukumati 2019 yil 4 noyabrda kelishuvdan rasman chiqdi. Prezident Jo Bayden 2021 yil 19 fevralda, ya’ni o‘z inauguratsiyasidan so‘ng mamlakat konvensiyaga yana qaytganini e’lon qildi. Donald Tramp esa 2025 yil yanvar oyida lavozimga kirishganidan bir necha soat o‘tib, AQSHni yana iqlim bo‘yicha Parij bitimidan chiqardi.
Parij muzeyini ta’mirlash loyihasi 700-800 million yevroga baholanmoqda

Bu haqda “Franc Press” agentligi mamlakat Prezidentiga yaqin doiralarga tayanib yozdi.
– Majmuani rekonstruksiya qilish loyihasi 700-800 million yevroga baholanmoqda va jarayon taxminan 10 yil davom etishi kutilyapti, – deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, loyihani moliyalashtirishda davlat “juda kam miqdorda” ishtirok etadi, asosiy mablag‘ muzeyning BAAdagi filiali va xayriya hisobidan to‘planishi rejalashtirilgan.
Turkiya parlamenti tog‘-chang‘i kurortida yuz bergan yong‘inni tekshirish bo‘yicha komissiya tuzdi

Qartolqoya tog‘-chang‘i kurortidagi “Grand Kartal” mehmonxonasida yuz bergan yong‘inni tekshirish bo‘yicha tuzilgan komissiyaga 22 nafar deputat kiritildi, deb xabar tarqatdi “TRT Haber” telekanali.
Komissiyaning yong‘in sababini o‘rganish bo‘yicha yakuniy hisoboti uch oy ichida tayyor bo‘ladi.
Avvalroq mamlakat parlamenti Spikeri No‘’mon Qurtulmush jurnalistlarga deputatlar xulosasi fojia sababiga oydinlik kiritishini ta’kidlagandi. U shuningdek, fojeaga aloqador shaxslarning barchasi sud qarshisida turishiga ishonch bildirdi.
S.Rahimov, O‘zA