Qozog‘iston temir yo‘l orqali benzin va dizel yonilg‘isi eksportini chekladi

Qozog‘iston Energetika, Moliya va Ichki ishlar vazirliklarining Milliy xavfsizlik qo‘mitasi bilan qo‘shma buyrug‘i asosida ichki bozorda yuzaga kelgan tanqislikning oldini olish maqsadida temir yo‘l orqali benzin va dizel yonilg‘isini boshqa davlatlar, jumladan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishni taqiqladi.
Shu munosabat bilan e’lon qilingan hujjatda ta’kidlanganidek, taqiq 29 yanvardan joriy qilinadi va 29 martgacha amal qiladi. Darovqe, qonunga muvofiq, oldindan rejalashtirilgan yetkazib berish, shuningdek gumanitar yordam yoki favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan yonilg‘iga nisbatan istisno holati qo‘llanishi tartibi saqlanib qolgan.
2024 yil sentyabr oyi oxirida avtotransport vositalari bakidagi miqdordan tashqari benzin va dizel yonilg‘isini respublikadan olib chiqish olti oy muddatga man etilgan edi. Bu qaror mart oyi oxirigacha amal qiladi.
Hukumat 2025 yil yonilg‘i quyish shoxobchalarida avval tartibga solingan narxni erkinlashtira boshladi. Energetika vazirligi buyrug‘i loyihasi va ushbu hujjat ilovasida qo‘shni davlatlarda benzin va dizel yonilg‘isi nisbatan qimmatligi sababli, mahsulot mamlakatdan noqonuniy chiqib ketishining oldini olish maqsadida, tegishli qaror kuchga kirishi ko‘rsatildi. Bundan tashqari narxni nazorat qilish yonilg‘i ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish quvvatini modernizatsiya qilish uchun yetarli daromad olish imkonini bermaydi.
28 yanvar kuni ayni masalada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida energetika vaziri Almasadam Satkaliyev narxni tartibga solish bekor qilinishi munosabati bilan fevral oyida yonilg‘i quyish shoxobchalarida chakana narx oshishi mumkinligini ma’lum qildi. U hukumat narx keskin oshishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlab, qiymat hech bo‘lmaganda Rossiya bilan tenglashishi kutilayotganini aytdi.
S.Rahimov, O‘zA