Tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi

194

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 iyundagi “Aholiga tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parki yangilab borilmoqda.

“Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” shiori ostida amalga oshirilayotgan ishlar soha rivojida tez yordam xizmati sifatini yanada oshirish, moddiy-texnik ta’minotni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida navbatdagi 8 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinasi olib kelindi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi M.Atamuratov shahar va tuman tibbiyot birlashmalariga yangi tez tibbiy yordam avtomashinalarining  kalitini topshirdi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda aholiga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida tez yordam avtomashinalari bosqichma-bosqich yangilariga almashtirilmoqda. Bugungi kunga qadar Orolbo‘yiga eng so‘nggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan 90 ga yaqin “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinasi olib kelindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri