Turin shahri delegatsiyasi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

178

Toshkent shahar hokimligida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Turin shahri (Italiya) meri Stefano Lo Russo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Tadbirda mehmonlar tomonidan poytaxtimizning jadal rivojlanayotgani yuqori baholandi. Ular ta’lim, biznes, sanoat va boshqa muhim yo‘nalishlarda strategik hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlashdi. Italiya merlar assotsiatsiyasining vitse-prezidenti sifatida Stefano Lo Russo nafaqat Turin, balki Italiyaning boshqa shaharlari nomidan ham hududlararo hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlik uchun yangi istiqbollarni ochishga tayyorligini bildirdi.

Shavkat Umurzoqov davlatimiz rahbari va Italiya Respublikasi Prezidenti Serjo Mattarellaning siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun ishonchli asos yaratilganini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuv davomida delegatsiyaga Toshkent shahrining investitsiya imkoniyatlari, jumladan, yirik xalqaro kompaniyalar joylashgan “Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasi haqida ma’lumot taqdim etildi. Bunda poytaxtimizning o‘sishi va xorijiy hamkorlar uchun jozibadorligini ko‘rsatuvchi istiqbolli loyihalar, iqtisodiy va investitsion ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar Toshkent va Turin shaharlari o‘rtasida Niyatlar xatini imzoladilar. Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, turizm, energetika, o‘simliklar ko‘chatxonalari va ta’lim kabi sohalarda amalga oshiriladigan tashabbuslarning sifatiga urg‘u berib, qo‘shma loyihalarni faol muhokama qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA