Xivada yangi yer osti yo‘li qurilmoqda (+video)
Bir necha yillardan buyon Xiva shahrining Qumyaska, Kaptarxona, Angarik va Gazchi mahallalarida yashovchi aholi shahar markaziga borishda 5-10 kilometr yo‘l bosib o‘tishga majbur bo‘ladi. Qolaversa, jamoat transportlari uchun ham turli qiyinchiliklar va ovoragarchiliklar yuzaga kelmoqda.
Joriy yilda bunday muammolar o‘z yechimini topadi. Yo‘lsozlar tomonidan Qumyaska, Kaptarxona, Angarik va Gazchi mahallalarini shahar markazi bilan bog‘lovchi uzunligi 450 metr bo‘lgan yer osti avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilishi boshlangan.
Xiva temir yo‘l vokzalining oldida barpo etilayotgan mazkur tunnel bir necha kilometrlik yo‘l masofasini qisqartirib, odamlarning yo‘l xarajatlari kamayishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, qariyb 20-30 daqiqa vaqtini tejaydi.

– Mana shu to‘rtta mahalla aholisi yillar davomida uzoq aylanma yo‘llardan foydalanib kelamiz va bu bizga bir qator noqulayliklar tug‘diradi, – deydi Gazchi mahallasida istiqomat qiluvchi Olim Ollaberganov. – Men odatda kuniga 3-4 marta shaharga chiqib kelishim kerak. Chunki, nevaralarimni maktab, bog‘chaga olib boraman. Bozorlik qilaman. Shaharning ma’muriy qismi hammasi shu tomonda joylashgan. Yangi yer osti yo‘l o‘tkazgichi shahardagi 15 mingdan ortiq aholining uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qiladi.
Yo‘l osti yo‘li orqali mahalliy aholining shahar markaziga qatnovi ancha qulay bo‘ladi. Shuningdek, mazkur tunneldan har kuni shahar ichi va shahar atrofi yo‘nalishlarida qatnaydigan avtobus va mikroavtobuslar harakatlanadi, ushbu jamoat transportlarida minglab yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatiladi.
Aholi turmush darajasini oshirish va infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishidagi bu loyiha Xiva shahrining kelajakdagi rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video), O‘zA muxbirlari