Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahridagi “New York Travel and Adventure Show-2025” turizm ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida American Express moliya kompaniyasi Global biznes sayohat bo‘linmasi (Amex GBT) xalqaro aloqalar bo‘yicha bosh direktori Prabir Roy bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralarda O‘zbekistonda yuqori darajadagi sayohat va turizm xizmatlarini tashkil qilish va bu segmentda sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, jumladan, soni ortib borayotgan aviareyslar, mashhur brendli mehmonxonalar, zamonaviy kurortlar va yuqori gastronomik imkoniyatlar borasida taqdimot o‘tkazildi.

Prabir Roy O‘zbekiston Amex GBT mijozlari uchun hali ochilmagan yangi yirik salohiyatga ega destinatsiya ekanini alohida ta’kidlab o‘tdi va ushbu segmentda mamlakatda mavjud imkoniyatlarni birgalikda ochishga tayyorligini bildirdi. Muloqot chog‘ida mazkur yo‘nalishda yaqindan hamkorlikni o‘rnatish, shuningdek, aviakompaniya va turoperatorlar ishtirokida amaliy qadamlarni boshlash bo‘yicha tegishli kelishuvlarga erishildi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA