Yangilanishlar, siyosiy jarayonlarda xotin-qizlarning faol ishtiroki yanada kengayadi

167

Davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi hamda tashabbusi bilan mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, davlat boshqaruvi va jamiyatning barcha jabhasida xotin-qizlarning roli oshirilmoqda.

Ayollarning siyosiy jarayonlar va qonunchilik faoliyatidagi ishtiroki kengaydi. Bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji yaxshilanishida muhim o‘rin tutmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat oliy ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan uchrashuvda shu kabi jihatlarga alohida urg‘u berdi.

Tadbirda xotin-qizlarning yangicha yondashuv, g‘oya va tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda ko‘mak berish, islohotlar, yangilanishlar, siyosiy jarayonlarda ularning faol ishtirokini ta’minlash, mazkur jarayonlarda lider ayollarning o‘rni haqida fikr almashildi.

Shuningdek, uchrashuvda dolzarb masalalarni aniqlash, tahlil qilish va ularning qonuniy yechimlarini topish, xalqaro tashkilotlar bilan manfaatli hamkorlik orqali ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy islohotlarni ilgari surishga doir masalalarga e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.

N.Abduraimova, O‘zA