Bosh vazir o‘rinbosari “Standard Chartered” banki bosh ijrochi direktori Saif Malik bilan uchrashdi

168

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov hamda Buyuk Britaniyaning “Standard Chartered” banki bosh ijrochi direktori Saif Malik o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida infratuzilma loyihalarini kengaytirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik dasturlari doirasidagi tashabbuslarni amalga oshirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston banklari bilan hamkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes hamda qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda bank tizimining ahamiyati yuzasidan fikr almashdi.

Shuningdek, energetika sohasida hamkorlikni kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, “yashil” iqtisodiyot va IT sohasini rivojlantirish borasida takliflar ko‘rib chiqildi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, “Standard Chartered” banki 60 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, asosan Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq bozorlariga e’tibor qaratadi. Bank savdo va investitsiyalar, korporativ va xususiy bank xizmatlarini ko‘rsatish bilan birga, “yashil” obligatsiyalar chiqarish va ekologik loyihalarni moliyalashtirishda ham ishtirok etadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va fikr almashish jarayonlarini davom ettirishga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA