Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tergov faoliyati yo‘nalishiga qabul e’lon qilindi

405

Prezidentimizning 2022 yil 28 noyabrdagi “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilgan.

Akademiyada jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz o‘quv tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda bakalavriatning tergov faoliyati hamda yurisprudensiyaning boshqa bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida yuridik kadrlarni tayyorlash joriy etildi. Akademiya axborot xizmati rahbari Sanobar Mansurova tergov yo‘nalishiga oid  ma’lumot berdi:

– Tergov faoliyati bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qabul joriy yil 1 fevraldan boshlanadi. Ushbu yo‘nalishga kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik prinsiplari va qabul qilishning yagona qoidalari asosida 4 bosqichda amalga oshiriladi. Dastlabki tanlov; maxsus psixologik tanlov; yozma imtihon (diktant); test sinovlari bosqichlar shular jumlasidan.

Akademiyaning tergov faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat qabuliga dastlabki tanlov harbiylashtirilgan tuzilmalar (DXX, IIV, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi, Harbiy prokuratura) uchun; harbiylashtirilmagan tashkilotlar (prokuratura organlari, shu jumladan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi)dagi talablarni inobatga olgan holda alohida tartibda amalga oshiriladi.

Nomzod joriy yil 1 fevraldan 1 martga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining maxsus elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi hamda harbiylashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha – hududiy ichki ishlar organlariga; harbiylashtirilmagan yo‘nalish bo‘yicha – hududiy prokuratura organlariga tegishli hujjatlarni taqdim etishi lozim.

Tergov faoliyati yo‘nalishida bakalavriat dasturi bo‘yicha ta’lim olish muddati uch yilni tashkil etadi, bitiruvchilarga belgilangan davlat namunasidagi diplom beriladi.

O‘qitish o‘zbek va rus tillarida, davlat grantlari asosida tashkil etiladi. Davlat grantlari asosida o‘qishni tamomlagan bitiruvchilarga vakolatli davlat organlarida kamida uch yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.

Muhim jihat shuki, qabul jarayonida abituriyentlarning muayyan toifalariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Bitiruvchilar vakolatli davlat organlariga xizmatga qabul qilinganda faqat ofitserlar tarkibiga kiruvchi yoki darajali unvon berilishi ko‘zda tutilgan lavozimlarga tayinlanadi.

N.Abduraimova,

O‘zA