Senat kengashi: “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi izchil ta’minlanishi kerak

206

Mamlakatimiz hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish, tuman va shaharlarni ularning sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish orqali kambag‘allikni yanada qisqartirish bo‘yicha joriy qilingan yangicha yondashuvlar o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, 2023 yildan boshlab 5-toifaga mansub Qo‘shrabot tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning alohida tartibi joriy qilinishi hisobiga ularga 2023-2024 yillarda 12,7 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari berilgan. Natijada o‘tgan yilning o‘zida qariyb 700 ta tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilinib, ularning soni 2,1 mingga yetgan va 1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Bu Senat kengashining majlisida qayd etildi. Majlisda o‘tkazilgan Samarqand viloyati sektor rahbarlari tomonidan kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha Qo‘shrabot tumani tajribasi taqdimoti davomida investitsiya dasturi doirasida 35,4 million dollarlik 41 ta loyiha ishga tushirilgani ta’kidlandi. 23,6 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Eksport hajmi 3,5 million dollarga yetgan. Sanoat – 109,5 foizga, qurilish – 114,5 foizga, xizmatlar – 112,4 foizga, qishloq xo‘jaligi – 105,9 foizga o‘sgan.

Mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 54,2 milliard so‘mlik imtiyozli kredit va 1,5 milliard so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratilgan.

Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalarini joriy qilish boshlangan. Iqtisodiy kompleksning mahallaga tushirilgani hisobiga 10 ta mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan, 1,2 ming aholi rasmiy ish bilan band qilingan.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida esa yil yakuni bilan 2,3 ming oila (10,7 ming aholi) kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasini 16,2 foizdan 7,9 foizga kamaytirishga erishilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasida o‘z yechimini kutib turgan ayrim masalalar hamda ishga solinmagan imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, mahallalarda 2021-2022 yillarda tashkil qilingan kichik sanoat zonalari zarur infratuzilma bilan ta’minlanmagani sababli bugungi kunga qadar 3 ta kichik sanoat zonasidan 2 tasida birorta loyiha amalga oshirilmagani qayd etildi.

Tuman hududida bo‘sh turgan 4 ta ob’ekt dastlabki qiymati pasaytirilib, bir necha marotaba auksionga chiqarilganiga qaramay sotilmagan. Vaholanki, tumanning 5-toifaga mansubligidan kelib chiqib, ob’ekt qiymatini 5 yil muddatgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilgan edi.

“Mahalla yettiligi” qarori bilan qirqqa yaqin ijtimoiy yordam va subsidiya mablag‘larini olish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa-da, o‘tgan davr mobaynida faqat 3-4 ta turidan foydalanilgan. 6 ta mahallada kambag‘al oila a’zolariga subsidiya mablag‘larini ajratish choralari umuman ko‘rilmagan.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘idan mavjud qarzdorligi o‘tgan yilga nisbatan qariyb 7,4 foizga oshgan.

Majlisda senatorlar tomonidan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi hamda Qo‘shrabot tumani kengashi huzuridagi kambag‘allikni qisqartirish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha komissiyalar tomonidan kambag‘allikni qisqartirish borasida belgilangan vazifalar bajarilishini monitoring qilish, ushbu masalani kengash sessiyalarida muhokama qilishni tashkil etish va ijrosi ortda qolayotgan masalalar bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilash yuzasidan tavsiyalar berildi.

N.Abduraimova,  

O‘zA