“Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi faoliyatiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi

262

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi “Ayol ma’rifati” ilmiy-ijodiy soha vakillari jamoatchilik kengashi tomonidan “Ayol – taraqqiyot timsoli” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bugungi ma’rifiy yangilanish jarayonlarida ijodkor ziyoli ayollar ham faol ishtirok etishlari davr talabiga aylanganini ta’kidladi.

Bugun davlatchilik rivojlanishining 3 ming yillik tarixiy tajribasi asosida, shuningdek sivilizatsiya rivojlanishiga hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-madaniy merosini o‘z ichiga olgan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyat – Yangi O‘zbekiston  barpo etilmoqda. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirishga, oilalar farovonligini ta’minlashga oid milliy tajriba – O‘zbekiston modeli amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshlagani hamda ayollarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettirilishi bugungi siyosatning ustuvor yo‘nalishi ekanini alohida ta’kidladi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, opa-singillarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Islohotlar doirasida o‘zbek ayolining ijtimoiy-madaniy, siyosiy va iqtisodiy qiyofasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ayolga bo‘lgan munosabat o‘z tarixiy ildizlariga ega. Qo‘xna tarix To‘maris, Saroymulkxonim, Nodirabegim, Qutlug‘ Nigorxonim, Gavharshodbegim, Uvaysiy, Dilshod Otin, Anbar Otin, Mehr Sultonxonim, Samarbonu singari yuzlab mo‘’tabar va ma’rifatparvar ayollarimizning millat sha’ni, or-nomusini saqlash yo‘lidagi jasoratlariga guvohdir. Momolarimizga xos bo‘lgan noyob fazilatlar zamonamiz ayollari siymosida ham davom etmoqda.

Dunyo adabiyotida, san’atning sahna, kino va boshqa janrlarida ayol zotiga bo‘lgan ehtiromli munosabatning, ayol obrazini yaratishda uni ulug‘lashning o‘ziga xos xronologik evolyutsiyasi bor. Bunda ilk o‘zbek kinolari “O‘tgan kunlar”, “Sen yetim emassan”, “Mehrobdan chayon”, keyinchalik “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” kabi bir qator kinofilmlarimizni yodga olishimiz o‘rinli bo‘ladi.

Mutaxassislar fikricha, Dante, Shekspir o‘z asarlarida, shuningdek fransuz adabiyotida ham bizning To‘maris obrazi Yevropa ayollariga namuna qilib ko‘rsatilgan.

Ayol zotiga munosabat avvallari badiiy hayotimizda mutlaqo yuksak edi. Rus yozuvchilari ham o‘z asarlarida ayol ruhiyatini, psixologik xarakterini yuksak badiiy bo‘yoqlar bilan tasvirlagan. Jahon adabiyotida ayol qiyofasi yangi cho‘qqiga olib chiqilgan. Ammo, bugungi kunda bu borada muammoli holatlar ham mavjud.

Afsuski, keyingi yillarda namoyish etilayotgan qator seriallarimizda o‘zbek ayoli qo‘lini paxsa qilib baqirayotgan, kelinning aybini izlayotgan, faqat dasturxon bezab, g‘iybatchi dugonalarini yig‘ib baqir-chaqir qilayotgan qaynona, qariroq erkakka tegib boyligini egallab olmoqchi bo‘layotgan axloqsiz qiz, urushqoq kelin tarzida ko‘rsatilayotganini keltirish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan shunday seriallar va filmlar urchib ketishi va oqibatda oqilalik, fozilalik, hayo timsoli bo‘lgan o‘zbek ayoli o‘zga qiyofa egasiga aylanib qolishining oldini olish juda muhim.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ayol ma’rifati bilan bog‘liq muammolarni hal etishda yurtimizning ziyoli opa-singillariga tayanadi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida “Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashi tashkil etilgan.

“Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashining boshqa jamoatchilik tuzilmalaridan farqi, avvalo ushbu kengash Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, har bir muammo va masalaga ilmiy yondashuvlarni qo‘llaydi. U ijodkor ayollarning yangi asarlarini targ‘ib etish, milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shgan ustoz ijodkor ayollar faoliyatini targ‘ib etish borasida bir qator anjumanlar, adabiy tadbirlar, kitobxonlik tadbirlarini tashkil etdi. Ayni paytda bu boradagi ishlarni zamon talabi darajasiga olib chiqish muhimdir.

Shuningdek, kengash tarkibiga yosh va o‘rta yosh a’zolar, zamonaviy va kreativ g‘oyalarga boy faollar, olimalar, ijodkorlar va san’atkorlar, respublika oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda faoliyat olib borayotgan,  shuningdek, hozirda nafaqada bo‘lgan olimalar, ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimalar, shoira, jurnalist, adabiyotshunos, musavvir, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan xotin-qizlar jalb etilgan.

“Ayol ma’rifati” jamoatchilik kengashining Yo‘riqnomasi, Ish rejasi kabi hujjatlar Kengash a’zolariga, hududiy qo‘mitalarga ham yetkazildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasini fuqarolar bilan bog‘lab turadigan “ko‘prik” rolini bajarish, oilalarda ma’naviy muhitni kuchaytirish, ayol ma’rifatining ta’sirini oshirish, yangicha g‘oya va yondashuvlar asosidagi loyihalarni ilgari surish, davlat siyosatining oila va ayollar hayotiga oid islohotlarini keng va kreativ usullarda targ‘ib etish kabi ezgu yumushlar ushbu jamoatchilik kengashining asosiy vazifalaridan biridir.

Oilalarga va xonadonlarga ma’naviyat va ma’rifat kirib borishini ta’minlash, xotin-qizlarni kitobxonlikka jalb qilish va ma’naviy sohadagi targ‘ibot va tashviqot ishlarini zamonaviy usullarda olib borishni yangi bosqichga olib chiqish, YouTube platformasida oila va ayollarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bilan bir qatorda, ijtimoiy muammolarini, ayollar salohiyatini ochib beradigan, gender tenglikni ta’minlashga hissa qo‘shadigan, suhbat tili, mavzusi hamda yechimlari xalqchil bo‘lgan, o‘zbek mediasiga sezilarli ta’sir ko‘rsata oladigan ayollar podkastini tashkil qilish, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyati bo‘yicha fuqarolar o‘rtasida o‘tkaziladigan tushuntirish va targ‘ibot ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratiladi.

Shu bilan birga, kengash tomonidan ilmiy-ijodiy ishlanmalarni oilalarga, mahalla xotin-qizlar faollariga yetkazishni tashkil etish, tarixiy shaxslar, jumladan jadid ayollar hayoti va faoliyati to‘g‘risida xotin-qizlarga ma’lumotlar yetkazish, xalq og‘zaki ijodiyoti namunalari, jumladan, o‘zbek xalq qo‘shiqlari, terma qo‘shiqlar, laparlar, yor-yorlar, Xorazm qo‘shiqlari, kelin salom, o‘lan, bayt g‘azallar, mehnat qo‘shiqlari, allalarni va bolalar milliy o‘yinlarini targ‘ib etish borasida ish olib boriladi.

Oilaviy, milliy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, farzand tarbiyasida yangicha yondashuvlar, uslublarni yaratish, ilmiy va adabiy jamoatchilikning salohiyatidan, ilmiy-ijodiy ishlardan foydalanish, diyorimizda yashab o‘tgan mashhur va buyuk ayollar hamda ayollar nomi bilan bog‘liq qadamjolarni, Osiyo va turkiy xalqlarning tarixi, madaniyati, tili, adabiyoti va urf-odatlari haqidagi ma’lumotlarni keng targ‘ib etish kabi ezgu maqsadlar ham kengash faoliyatidan o‘rin oladi.

Anjumanda “Ayol ma’rifati” ilmiy-ijodiy soha vakillari jamoatchilik kengashining kelgusidagi faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova,  

Nosirjon Haydarov (surat),  

O‘zA