Boks: yangi chempionlar kashf etildi

234

2024 yilgi Olimpiya yilida musobaqalarning tig‘izligi sababli bir oy muqaddam tashkil etilishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston chempionatining saralash bahslari joriy yilning 21-26 yanvar kunlari poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining boks zalida, yarim final va final janglari 27-28 yanvar kunlari “Renesans Hall” binosida o‘tkazildi.

Quvonarli tomoni, bugun dunyoning yetakchi olimpiya boksi mamlakatiga aylangan O‘zbekistonning chempionati dizayni, texnik-taktik, professionalligi, bokschilarning mahorati bobida har qanday nufuzli musobaqadan ustun bo‘lsa borki, undan kam darajada tashkil etilmadi.

Hakamlar, texnik komissiya, hududiy federatsiya vakillari, murabbiylar, tomoshabinlar, faxriy mehmonlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari, shifokoru, texnik xodimlarning joylashuvigacha bo‘lgan holatlar, bokschilarning maydonga chiqib kelishi, ringga, shohsupaga ko‘tarilish jarayoni, tele va foto kameralar, kuzatuv moslamalarining o‘rnatilishigacha eng ilg‘or texnologiyalar, kommunikatsiya tizimlari imkoniyatlaridan foydalanilgani chempionat nufuzini yanada yuksaltirdi.

O‘tkazilgan final janglarining har biri barcha omillari bilan jahon, qit’a chempionatlari ko‘rinishida kechdi. E’tiborli jihati, g‘oliblarni aniqlash janglarini dunyoning eng tajribali referilari nazorat qilib borgani bahslarning adolatli, professional o‘tishini ta’minlabgina qolmay, bokschilarning ruhiyatiga ham o‘zgacha ta’sir ko‘rsatdi.

Ayni tamoyillar sportchilarda katta musobaqalar ko‘nikmasi shakllanishida muhim jihat sanalishini ta’kidlamoq lozim.

Bevosita janglar tafsilotiga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston chempionatida ayrim tajribali bokschilar yarim final ostonasigacha yetib kela olmagan bo‘lsa, ba’zilari yarim final, final jangida imkoniyatni boy berdi. Bu, yildan yilga yurtimizdan iste’dodli yoshlar yetishib kelayotganidan dalolat.

Masalan, 2019 yilgi jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Mirzabek Mirzahalilov finalgacha bo‘lgan janglarda raqiblarini mag‘lub etdi. Biroq oltin medal uchun kechgan to‘qnashuvda Surxondaryo viloyati vakili Xo‘janazar Nortojiyev to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Xuddi shuningdek, bir necha bor mamlakat chempionatida sovrinli o‘rinlarga egalik qilgan, jahon chempionati bronza medali sohibi A’loxon Abdullayev finalda Toshkent shahar jamoasi vakili Javohir Ummataliyevga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Buni musobaqaning o‘ziga xos shov-shuvli vaziyati bo‘ldi, deyish mumkin.

Final janglari yakuniga ko‘ra, mamlakat chempionlari aniqlanishi asnosida 2024 yil mobaynida mahoratli bokschilarni tayyorlashda yetakchilikka erishgan hududlar nomi ham ma’lum bo‘ldi.

Sarhisob natijalariga binoan Toshkent viloyati bokschilari 3 ta oltin, 5 ta kumush, 4 ta bronza medali bilan umumjamoada birinchi, 3 ta oltin, 2 ta bronza medalini jamg‘argan Andijon bokschilari ikkinchi o‘rinni egalladi. 2 ta oltin, 3 ta bronza medaliga ega chiqqan buxorolik bokschilar jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.

Shuningdek, chempionlik maqomiga Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax va Toshkent shahrining 1 nafardan bokschilari sazovor bo‘ldi.

Navbahor Hamidova chempionatning “Eng yaxshi ayol bokschisi”, Asilbek Jalilov esa “Eng yaxshi erkak bokschisi” deb topildi.

O‘tkazilgan janglar, saralangan mahoratli bokschilar karvoni bilan o‘zbek boksi “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlari sari ilk qadamni tashladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, Muhammad Amin (suratlar) O‘zA