Luvr restavratsiya qilinadi

O‘tgan hafta Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyi direktori Lorans de Kar mamlakat madaniyat vaziri Rashida Datiga maktub yo‘llab, majmua yomon ahvolga kelib qolganidan shikoyat qilgan. Xatda “ayrim xonalar juda yomon holatda” ekani ta’kidlangan. Shu munosabat bilan Prezident Emmanuel Makron 28 yanvar kuni shaxsan Luvrga tashrif buyurib, muzey restravratsiya qilinishini bildirdi.
“The Guardian” yozishicha, yetakchi majmuada ayrim o‘zgarishlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
– Luvr kengaytiriladi, – degan Fransiya rahbari. – Madaniyat vazirligi qurilishni rejalashtirish loyihasiga 10 million yevro investitsiya kiritadi. Perro kolonnadasi orqali yangi keng kirish yo‘li ochiladi. Leonardo da Vinchining “Mona Liza” polotnosi maxsus joyga ko‘chirilib, kartinani boshqa kolleksiyalardan alohida tomosha qilish imkoni yaratiladi.
Bundan tashqari Prezident vazir Rashida Datidan YeI tarkibiga kirmaydigan davlatlardan kelganlar uchun nisbatan yuqori, tabaqalashtirilgan narx joriy etishni so‘radi. Chipta turlarining yangi qiymati 2026 yil 1 yanvardan tadbiq etiladi.
Yangilangandan keyin Luvr yiliga 12 million tomoshabinni qabul qilish salohiyatiga ega bo‘ladi. 2024 yil muzeyga qariyb 9 million kishi kirgan.