Bosh prokuratura: yoqilg‘i-energiya resurslari iqtisod qilinadi va talon-torojiga yo‘l qo‘yilmaydi

169

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha muhim topshiriqlar berildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish hamda energoresurslarni iqtisod qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli tanqidiy muhokama qilindi.

Mas’ullarga davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishda 100 mingta ob’ekt, 150 mingta xonadonda jami 600 MVt quvvatda quyosh paneli o‘rnatilishi bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda mahalliy hokimliklar, bojxona, “O‘zenergoinspeksiya”, tijorat banklari, ta’minot korxonalari va boshqa tegishli idoralardan iborat ishchi guruh tuzish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shu bilan birga, iqtisod qilishning qo‘shimcha manbalarini aniqlash, reaktiv batareya o‘rnatish bo‘yicha ulgurji iste’molchiga yozma ko‘rsatma berish, ikki bosqichliga o‘tkazish, nostandart gaz yondirgichlarni almashtirish bo‘yicha tumanlar kesimida oyma – oy grafik ishlab chiqish, 400 ta yirik iste’molchida energoaudit o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berilib, ijrosi Respublika shtabi tomonidan alohida nazoratga olindi.

Bundan tashqari, berilgan topshiriqlarni belgilangan muddatlarga bajarish, mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal qilish lozimligi ta’kidlandi, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan mas’ullar tanqid qilinib, ogohlantirildi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA