Qishloq xo‘jaligi sohasida yangi hamkorlik istiqbollari

Bugungi kunda O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida izchil siyosat olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Abubekir Gizligidir rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligidagi hamkorlik har ikkala davlat manfaatlariga mos ravishda taraqqiy etayotgani alohida e’tiborga molik.
Uchrashuvda vazir Ibrohim Abdurahmonov agrar sohada mavjud bo‘lgan, ammo hali foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish orqali yangi hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qo‘shimcha qiymat zanjiri orqali eksport qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Abubekir Gizligidir esa o‘z navbatida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha bir qator takliflarni bildirdi. Jumladan, bog‘dorchilik, baliqchilik, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘urtalash tizimini joriy etish hamda zamonaviy oziq-ovqat xavfsizligi laboratoriyalarini tashkil etish masalalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar mavjud hamkorlik aloqalarini chuqur tahlil qilib, kelajakda amalga oshiriladigan loyihalarni belgilash va tegishli paketini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA