O‘zbekiston va Janubiy Koreya: farmatsevtika sohasida strategik hamkorlik mustahkamlanmoqda

163

Keyingi yillarda O‘zbekiston farmatsevtika sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlanib, xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengayib bormoqda. Bu borada Janubiy Koreya bilan munosabatlar alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Doyon janoblari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Agentlik direktori Abdulla Azizov mehmonni «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishtirdi hamda bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar va rivojlanish konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Koreyalik diplomat O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining yuqori sur’atlarda taraqqiy etayotganini yuqori baholab, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi, deyiladi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lumotida.

Uchrashuvda ta’lim masalalari ham muhokama qilindi. Elchi O‘zbekiston Farmatsevtika texnik universiteti va Koreyaning nufuzli Yonsei universiteti o‘rtasidagi hamkorlikdan mamnunligini ifoda etib, bu aloqalarni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishini ta’kidladi.

Muzokaralar davomida tomonlar ikki davlat farmatsevtika sanoati o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari, investitsiya imkoniyatlari va innovatsion tadqiqotlar yo‘nalishlarini kengaytirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Von Doyon janoblari O‘zbekistonning farmatsevtika sohasida mintaqaviy yetakchiga aylanishi uchun barcha sharoitlar yaratilganini e’tirof etib, Koreya Respublikasi bu yo‘nalishda strategik sherik bo‘lib qolishini qayd etdi.

Ma’limotga ko‘ra, tashrif yakunida tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

M. Hojiakbarova, O‘zA