Transport-logistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi

207

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi;

O‘zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Quyidagilar transport-logistika tizimini 2030 yilgacha rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish hisobiga tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish, tashqi bozorlarga yuklarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirish, transport-logistika xarajatlarini maqbullashtirish;

multimodal tamoyilni maksimal darajada amalga oshirish imkonini beruvchi logistika xizmatlari bozorini rivojlantirish, 3PL va undan yuqori formatda xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan yirik milliy transport operatorlari tashkil etilishini rag‘batlantirish;

mamlakat tranzit salohiyatini to‘laqonli ruyobga chiqarish, shu jumladan, moslashuvchan tarif siyosatini qo‘llash va bojxona targ‘ib-taomillarini soddalashtirish yo‘li bilan qo‘shimcha tranzit yuk oqimlarini jalb etish;

tashqi va ichki moliyalashtirish manbalarini jalb etish ko‘lamini kengaytirish hamda innovatsion texnologiyalarni qo‘llash asosida transport infratuzilmasini kompleks va ildam rivojlantirish, hududlarda yuklar shakllanishining asosiy nuqtalarini hisobga olgan holda transport-logistika markazlarining zamonaviy tarmog‘ini shakllantirish;

xalqaro axborot tizimlari bilan integratsiya qilgan holda mamlakatning logistika tizimi platformalarini shakllantirish, xalqaro yuk tashishlarda raqamli va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, logistika sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish.

Konsepsiyani amalga oshirish natijasida 2030 yilga qadar erishiladigan, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar belgilandi:

avtomobil, temir yo‘l va havo transportida xalqaro yuk tashish umumiy hajmini kamida 2 baravarga oshirish;

transport va logistika xizmatlari eksportini 2 baravargacha oshirish;

barcha transport turlarida yillik tranzit yuk tashish hajmini 22 mln tonnaga yetkazish;

konteynerlarda yuk tashish ulushini kamida 1,5 barobarga oshirish;

transport-logistika markazlari tarmog‘ini yaratgan holda ularning yuklarga ishlov berish quvvatini kamida 3 baravarga ko‘paytirish;

Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini 55-pog‘onadan past bo‘lmagan darajagacha ko‘tarish.

Qarorga muvofiq, Transport vazirligi transport-logistika markazlarining keng tarmog‘ini shakllantirish hamda transport-ekspeditorlik faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish masalalari uchun mas’ul hisoblanadi.

O‘zA