Tibbiyot xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi

194

Qonun loyihasiga sharh

Mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatini oshirish, har bir fuqaro uchun yuqori sifatli va malakali tibbiy xizmat tizimini yaratish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tibbiyot tizimini xalqimizga yanada yaqin qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan aniq choralar tufayli birlamchi va malakali tibbiy xizmatlar aholining keng qatlamlariga kirib bordi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida 18 mingdan ziyod tibbiyot brigadalari hamda 2104 ta mahallada tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, bugungi kunda tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi kadrlarning malakasini baholash, ularning qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish orqali tibbiy xizmatlarning kafolatlangan barqaror darajasini ta’minlash zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu maqsadda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlariga kiritilmagan qo‘shimcha tibbiy yordam ko‘rsatishni huquqiy tartibga solish, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasida konseptual jihatdan qabul qilindi.

Ushbu qonun loyihasida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etishga qaratilgan normalar belgilanmoqda. Mazkur hujjat loyihasi sharhi bo‘yicha deputat Sevara Ubaydullayeva quyidagilarni qayd etdi:

– Bugungi kunda xususiy dorixonalarda o‘rta tibbiy farmatsevt bitiruvchilarining malaka oshirishi, malaka toifalarini olishi uchun yagona, mukammal bir tizim yaratilmagan. Shu maqsadda ushbu qonun loyihasi bilan tizimni takomillashtirish, barcha tibbiyot xodimlari to‘g‘risida ma’lumotlar bazasini shakllantirish masalasi ko‘zda tutilmoqda.

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 41-moddasiga tibbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlaganlik to‘g‘risida diplom olgan shaxslarga mavjud malaka toifasini olish tizimi ichida avtomatik tarzda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Davlat ro‘yxatidan o‘tish faqatgina ism-familiyasini yozish bilan cheklanmaydi, balki har yili malaka oshirgan sertifikatlari ham kiritiladi. Hatto aholining shifokor ko‘rigidan keyin yuzaga keladigan e’tirozlarini ham onlayn kiritish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, deylik, biror hududga borganda u yerdagi malakali mutaxassis kim ekanligi haqida mobil ilova orqali kirib, bu haqda ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin. Shunga ko‘ra davlat yoki xususiy tibbiyot muassasasiga murojaat qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali himoya qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida fuqarolarga qo‘shimcha tibbiy yordam va oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasi yo‘llanmasisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri pullik asosda tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini beradi. Shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini oshirib borish, asosiysi, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA