Avtomobil yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlandi

O‘tgan yilning oktyabr oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilgan eng yirik loyihalardan biri bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega Qo‘ng‘irot – Beyneu avtomobil yo‘lining yangidan qurilgan 240 kilometr qismi foydalanishga topshirilgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev boshchiligida mamlakatimizni Yevropa davlatlari bilan bog‘laydigan ushbu avtomobil yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish maqsadida 2025 yilgi ekish mavsumi boshlandi.

Ekish mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda uch avlod vakillari, shu jumladan, yoshlar yurtimiz ekologiyasini yaxshilash yo‘lida o‘zlarining salmoqli hissasini qo‘shdilar. Ushbu boshlangan xayrli ishlar doirasida xalqaro avtomobil yo‘lining 890-1204 kilometr oralig‘idagi 314 kilometr yo‘l bo‘yidagi 2 ming 800 gektar maydonda 1 million 150 ming donaga yaqin saksovul, qandim kabi suvga chidamli o‘simliklar ekildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida yashil hududlarni kengaytirish va ekologik holatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yillar mobaynida Orol dengizining qurigan maydonlarida “Yashil qoplamalar” yaratish maqsadida jami 1,8 million gektar maydonga saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar ekildi. Ezgu ishlar bugungi kunda ham qizg‘in davom etmoqda. Bu esa joriy “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”dagi chora-tadbirlar ko‘lamini yangi bosqichga olib chiqishga mustahkam zamin bo‘ladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudoybergenov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri