Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochiladi

272

O‘zbekiston Prezidenti 25 yanvar kuni Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Xalqaro standartga muvofiq, muhandislik, qurilish, logistika, axborot texnologiyalari va dasturlash, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadigan yangi oliy o‘quv yurti nodavlat ta’lim muassasasi sifatida faoliyat olib boradi.

Yetakchi xorijiy, ayniqsa Turkiya ta’lim muassasalari bilan birga zamonaviy o‘quv dasturlarini amaliyotga joriy qilish, ilmiy tadqiqot o‘tkazish, xalqaro universitetlar, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatish Universitetning asosiy vazifasi etib belgilandi.

2025/2026 o‘quv yilidan boshlab o‘quv jarayoni “Top-1000” dunyo reytingiga kiruvchi Turkiya oliy o‘quv yurtlari dasturi asosida yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim to‘lov shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Qabul sharti va kontrakt miqdori universitet tomonidan belgilanadi.

Bundan tashqari, muassasa faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanuvchi boshqaruv kengashi tuziladi. Bu ko‘zda tutilgan ta’lim va ilmiy maqsadlarni samarali amalga oshirish imkonini beradi.

O‘zA