Sportchilarimizning nufuzli musobaqalarga tayyorgarligi muhokama qilindi

O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov va MOQ rahbariyati ishtirokida “Harbin-2025” qishki Osiyo o‘yinlari va joriy yil o‘tkaziladigan boshqa yirik musobaqalarga sportchilarimizni munosib tayyorlash va ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Unda O‘zbekiston delegatsiyasining Harbin shahrida o‘tadigan qishki Osiyo o‘yinlariga olib borayotgan tayyorgarlik jarayoni haqida MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov ma’lumot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sportchilarimiz bugungi kunda tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini olib bormoqda va ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, 28 fevral – 2 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turniri va joriy yil kutib turgan boshqa kompleks musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuvda 2025 yilgi sport tadbirlari O‘zbekiston delegatsiyasining “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo va “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarligi bo‘yicha kamchilik va muammolarini ko‘rib olishda muhim ekani ta’kidlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA