Futzal: Polsha bilan amaliy hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

197

O‘zbekiston futzal federatsiyasi Prezidenti Polsha futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Adam Kazmerchyak bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston futzal federatsiyasi xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini O‘zbekistonda tatbiq etish maqsadida xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov Varshava shahrida Polsha futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Adam Kazmerchyak bilan uchrashib, istiqbolli rejalarni muhokama qildi.

O‘zbekistonning Polshadagi Favqulodda va muxtor elchisi Amirsaid A’zamxo‘jayev ishtirok etgan muloqot chog‘ida Polsha futbol federatsiyasi bilan do‘stona aloqalarni o‘rnatish, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishildi.

Muhokamalar davomida har ikki mamlakatning U-18 va U-20 yosh toifasidagi terma jamoalari o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar, o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish hamda O‘zbekistonda ayollar futzalini rivojlantirish borasida tajriba almashish, o‘quv-qo‘llanmalar, texnik vositalar borasida hamkorlik qilish yuzasidan dasturlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Kelishuvga binoan joriy yilning uchinchi-to‘rtinchi choraklarida har ikki mamlakatning erkaklar va ayollar milliy terma jamoalari ishtirokida o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etilishi belgilandi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA