Turkiyaning yetakchi tahlil markazi mamlakat tashqi siyosati haqida hisobot tayyorladi

172

Bu yil Turkiya tashqi siyosati strategik mustaqil hamda global va mintaqaviy manfaatlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga qaratiladi. Mamlakatning nufuzli tahlil markazi – Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) tomonidan 2025 yil uchun tayyorlangan hisobotda qayd etilishicha, Anqara qaror qabul qilishda mustaqillikka urg‘u bergan holda AQSH, Rossiya va YeI bilan faol hamkorlikni davom ettiradi.

Bu jarayonda asosiy e’tibor xavfsizlik, jumladan mudofaa sa’y-harakatini kuchaytirish, sun’iy intellekt, kiber xavfsizlik va masofadan boshqariladigan tizimga asoslangan texnologiyalarni rivojlantirishga qaratiladi. Mintaqani barqarorlashtirishga urg‘u beriladi, Suriya masalasi muhimligicha qoladi.

Hukumat Afrika va Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalar ko‘lamini yanada kengaytiradi.

Anqara o‘z manfaati va global xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga intilib, tinchlikparvar tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha vositachilikda faol ishtirok etadi.

– Rossiya – Ukraina urushida betaraflikka intilayotgan Turkiya, mabodo RF kuch ishlatsa, jumladan yadroviy quroldan foydalansa, NATOni qo‘llab-quvvatlashga majbur bo‘lishi mumkin, – deydi markaz tahlilchilari. – Bunday vaziyatda Rossiya va Shimoliy Atlantika ttifoqi o‘rtasidagi ziddiyat muqarrar ravishda kuchayib, Turkiya raqobatga Alyans a’zosi sifatida aralashishiga to‘g‘ri keladi.

Ekspertlar mamlakat Ukrainani Qora dengiz xavfsizligini ta’minlash va Rossiyaga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydigan strategik hamkor sifatida ko‘rishini ta’kidlamoqda. Ayni payt Turkiyaning Ukraina bilan harbiy va mudofaa sanoati sohasidagi aloqalari Moskva uchun xavf tug‘diradi. Ayni omil RF bilan ikki tomonlama munosabatda keskinlikka sabab bo‘ladi.

Hujjatda keltirilishicha, Rossiyaga energetik qaramlik Anqaraning erkin qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilmoqda. Demak, tobelik darajasini kamaytirish kerak. Shuningdek, NATO bilan aloqa Turkiya uchun ustuvor bo‘lib qoladi. Qurollanish masalasida Anqara Rossiyada muqobil yo‘l izlashdan ko‘ra, ittifoq standartiga amal qilishiga alohida e’tibor qaratadi.
Hisobotda Turkiya Qrim tatarlari huquqi va farovonligiga jiddiy ahamiyat berishi, bu boradagi yondashuvidan chekinish niyatida emasligi qayd etilgan.

S.Rahimov,O‘zA