AQSH “Temir gumbaz” yaratmoqchi

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatning “Temir gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mamlakat rahbari mudofaa vaziriga 60 kun ichida tegishli loyihani taqdim etish bo‘yicha topshiriq bergan.
– Ushbu hujjat kuchga kirgan kundan boshlab 60 kun ichida mudofaa vaziri Prezidentga yangi avlod raketa qalqoni uchun mos loyiha, imkoniyatga xos talab mezoni va mazkur tashabbusni amalga oshirish rejasini taqdim etadi, – deyilgan farmoyishda.
Ayni jarayonda ballistik, giper tovushli va ilg‘or qanotli raketadan himoyalanish, xuddi shunday rusumdagi fazoni kuzatish qurilmalari o‘rnatilishini tezlashtirish hamda raketani kuchaytirish bosqichida tutib olishga qodir tutqichlarni ishlab chiqish va joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Buyruqda eng zamonaviy usullar orqali amalga oshiriladigan havo hujumiga duch kelish ehtimoli Qo‘shma Shtatlar oldidagi “eng halokatli tahdid” ekani ham ta’kidlangan.
Tramp inauguratsiya kuni Qurolli kuchlarga mamlakat hududini himoya qilish uchun “Temir gumbaz” tizimini ishga tushirish niyatini oshkor etib, milliy mudofaani rivojlantirish yangi ma’muriyat uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishini qo‘shimcha qilgandi.
S.Rahimov, O‘zA