“TikTok”ka xaridor ko‘paydimi?

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Maykrosoft” kompaniyasi “TikTok”ni sotib olish bo‘yicha muzokara olib borayotganini nazarda tutib, “tender urushi”ni kuzatishga ishtiyoqi balandligini bildirdi. Bu haqda BBC yozgan.
Tramp ham, Jo Bayden ham bir necha yildan beri “TikTok”ning Xitoydagi bosh kompaniyasi “ByteDance”ni milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSHdagi ulushini sotishga undab kelyapti.
Ma’lumki, sobiq yetakchi Bayden ma’muriyati Qo‘shma Shtatlarda 170 million foydalanuvchisi bor mazkur ilovani qisqa muddatli oflayn rejimga o‘tkazib, “TikTok”ka muayyan taqiq joriy qilgan edi. O‘tgan hafta yangi Prezident ushbu qarorni kechiktirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Xullas, Tramp “ByteDance”ga ilovasini sotish uchun bosim o‘tkaza boshlagan birinchi mamlakat rahbaridir.
2020 yil avgust oyida “ByteDance” Maykrosoftga ehtimoliy xaridor sifatida murojaat qilgan. Keyinchalik, “TikTok” potensial sheriklikka raqib “Oracle”ni tanladi. Binobarin, hozirgacha hech bir kelishuv amalga oshmagan.
Amerika yetakchisi ushbu platformani sotib olish bo‘yicha bir necha hamkor bilan muzokara olib borilayotgani, kelgusi 30 kun ichida ilovaning kelajagi bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilayotganini aytgan. Xaridorlar orasida milliarder Frenk Makkort va kanadalik biznesmen Kevin O`Liri bor. Shuningdek, tarmoqqa dunyodagi eng yirik “Youtuber” Jimmi Donaldson – “AKA MrBeast” ham katta qiziqish bildirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA