Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanining eng chekka “Jasliq” shaharcha fuqarolar yig‘inida ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi uylarning foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga qaratayotgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida hududni ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, yangi uy-joylar qurish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar aholining farovon hayotini, avvalo, odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga, shu jumladan, eng olis hududlarda ham xalqimiz turmush darajasini oshirishga, ular uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida avariya holatidagi va butunlay eskirgan ko‘p kvartirali uylarni renovatsiya qilish orqali aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori asosida shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida barcha qulayliklarga ega 5 qavatli 180 xonadonli turar joy binosini renovatsiya qilish orqali respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri